16:58 / 22.01.2024
241

Srechko Katanes: "Safdan chiqqan o‘yinchilar o‘z klublaridan jarohat bilan kelishgandi. Nasrullayev ertaga o‘ynamaydi"

Srechko Katanes: "Safdan chiqqan o‘yinchilar o‘z klublaridan jarohat bilan kelishgandi. Nasrullayev ertaga o‘ynamaydi"

Osiyo kubogi 3-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan oldin milliy jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanes va Odiljon Xamrobekov matbuot anjumanida qatnashishdi.

- Murabbiyning o‘yin haqidagi fikrlari qanday?

- Hech qanday ortiqcha gap yo‘q. Biz o‘yinga tayyormiz.

- Odiljon, Avstraliyaga qarshi o‘yin haqida fikringiz qanaqa?

- Musobaqa yuqori saviyada o‘tmoqda. Kutilmagan natijalar kuzatilmoqda. Ertangi o‘yinga kelsak, Osiyoda o‘zining o‘rniga ega jamoaga qarshi maydonga tushamiz.

- Janob murabbiy, Avstraliya termasi tartibli, yaxshi shakllangan jamoa. Shu bilan birga, Avstraliya yaxshi himoyalanadigan terma, biz ham birinchi navbatda himoyani o‘ylaymiz. Shu jihatdan olib qaralsa, ertangi o‘yin biroz zerikarli o‘tishi mumkinmi?

- Bilasizmi, Avstraliyaning raqiblari ikkala o‘yinda ham to‘liq himoyalanishdi. Ertaga biz bunday o‘yin ko‘rsatmaslikka harakat qilamiz. To‘g‘ri ta’kidladingiz, Avstraliya yaxshi shakllangan jamoa. Ular standart vaziyatlarda, burchak zarbalarida juda kuchli. Shu kabi holatlarda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Umuman olganda, hammasi joyida. Men uchun hayron qoladigan hech narsa yo‘q. Ertaga tarkibimizda biroz o‘zgarish bo‘ladi.

- Janob murabbiy, boshqa guruhlarda kuzatilayotgan natijalardan kelib chiqib, o‘z guruhingizda qaysi o‘rinni egallashni afzal ko‘rasiz?

- Umuman olganda, bizga raqibning ahamiyati yo‘q. Tajribamda shunday vaziyatlar bo‘lgan. Oxirgi Osiyo kubogida aynan shunday vaziyatga tushganman. Biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatamiz. Bitta o‘yindan keyin juda ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin. Futbolchilardan doim professional bo‘lishlarini so‘rayman. Hozirgi kunda istalgan jamoa bizga jiddiy raqib sifatida qaraydi.

- Odiljon, hozirda terma jamoa futbolchilarining ruhiy holati qanday? Biz hech qachon Avstraliyaga gol urmaganmiz. Bu haqda ko‘p joyda yozilyapti...

- Jamoaning kayfiyati yaxshi. Har bir narsani yaxshi yoki yomon tarafi bo‘lishi mumkin. Bu narsa faqat statistika. Ertaga bu statistikaga nuqta qo‘yish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

- Savolim murabbiyga. Tarkibda yo‘qotishlar yo‘qmi? Sherzod Nasrullayevning holati qanday?

- Sherzod ertangi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

- Avstraliyaga qarshi o‘yinda bir ochko ham keyingi bosqich uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Shunday holatda jamoani g‘alaba qozonish uchun qanday ruhlantira olasiz?

- Menda hech qanday bosim yo‘q. Keyingi bosqichga chiqish ehtimolimiz 90 foizga teng. Ertaga bor kuchimiz bilan g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Faoliyatimdagi barcha o‘yinlarda futbolchilarga faqat g‘alaba qozonish haqida ko‘rsatmalar berganman.

- Odiljon, turnirda kutilmagan natijalar kuzatilayotgani haqida gapirdingiz. Bu jamoalarning osonroq raqibga tushish uchun qilayotgan taktik harakati emasmikan? O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash reja bormi?

- Bunday nufuzli musobaqadan oldin har bir terma jamoa o‘z oldiga yuqori natija qo‘yadi. Hozirgi futbolda nisbatan kuchsizroq jamoalar kuchliroq termalarga katta qarshilik ko‘rsatmoqda. Maydonda harakat qilayotgan futbolchida durang yoki qulayroq natija qayd etish haqida o‘ylashga vaqt ham bo‘lmaydi.

- Avstraliya terma jamoasi murabbiyi ertaga gol o‘tkazmaslik asosiy vazifalarimizdan biri deb aytib o‘tdi. Bu fikrga qanday qaraysiz?

- Raqib jamoa murabbiyi bildirgan fikrni hurmat qilaman. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Taktik jihatdan Avstraliya qanday o‘ynashi haqida menda ma’lumot yo‘q. Bundan tashqari, Avstraliya ertangi o‘yinning istalgan daqiqasida o‘z taktikasini o‘zgartirishi mumkin.

- O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo kuboklaridagi ishtirokiga nazar solsak, hech qachon bu kabi ko‘p jarohatlar bo‘lmagan. Bu shunchaki omadsizlikmi yoki qayerdadir xato qilyapmizmi?

- Buni terma jamoaga aloqasi yo‘q. Masalan, Alijonov o‘z klubida jarohat olgandi. Hojiakbarning jarohati qanchalik jiddiyligi borasida bizda yetarli ma’lumot bo‘lmagan. Alijonovning jarohati o‘shandayoq jiddiy bo‘lgani keyin ma’lum bo‘ldi. Sherzod Nasrullayev ham terma jamoaga muammo bilan yetib kelgandi. Nasrullayev keyingi o‘yingacha safga qaytadi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, safdan chiqqan o‘yinchilar terma jamoada jarohat olishmadi, aksincha, ular o‘z klublaridan eski jarohat bilan kelishgandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes: "Safdan chiqqan o‘yinchilar o‘z klublaridan jarohat bilan kelishgandi. Nasrullayev ertaga o‘ynamaydi"