12:35 / 20.03.2024
444

Angliyaga gol urgan futbolchimiz Ispaniya klubi nazariga tushdi

Angliyaga gol urgan futbolchimiz Ispaniya klubi nazariga tushdi
O‘zbekiston futboli tarbiyalanuvchilari ham sekin-asta Yevropaning eng kuchli ligalarini zabt etishga intilmoqda. Yaqingacha Italiyadagi Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlaridagi yagona vakilimiz bo‘lib turgan bo‘lsa, so‘nggi bir yilda uning yoniga yosh o‘yinchilar qo‘shila boshladi.

Xususan, 20 yoshli Abduqodir Husanov Fransiya chempionatining eng iqtidorli himoyachilaridan biri sifatida gavdalandi. Abduqodir qisqa fursatda Liga1 o‘yinlaridan tashqari UYEFAning eng nufuzli musobaqalari – Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida debyut uchrashuvlarini o‘tkazishga ham ulgurdi.

Qishki transferlar vaqtida “Paxtakor”dan “Brentford”ga ko‘chib o‘tgan Muhammadali O‘rinboyev Angliya futbolida o‘z o‘rnini topishga urinmoqda. 17 yoshli futbolchining “Brentford B” tarkibidagi o‘yinlari mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanyapti.

Ijtimoiy tarmoqdagi bir necha manbalar o‘zbek futbolining iqtidorli yana bir tarbiyalanuvchisi – Laziz Mirzayev Ispaniya klubida ko‘rikdan o‘tayotgani haqida yoza boshladi.

Rossiyalik insayder Ivan Karpov o‘zining telegramm kanalida ma’lum qilishicha, Toshkentning “Lokomotiv” klubiga tegishli 17 yoshli futbolchi Ispaniya Segundasida yetakchilik qilayotgan “Leganes” klubida ko‘rikdan o‘tmoqda.

“Leganes” joriy mavsumda Segundada 31 ta uchrashuvda 56 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda va La Ligaga chiqish uchun asosiy da’vogar hisoblanadi.

Hujumkor futbolchi pozitsiyasida to‘p tepadigan Lazizbek Mirzayev O‘zbekiston U17 terma jamoasidagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali xorij klublari skautlari nazariga tushgan.

Ayniqsa, o‘tgan yili noyabr oyida 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida Lazizbek Mirzayevning jarima zarbasidan Angliya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgani ancha shov-shuvlarni keltirib chiqargan edi.

O‘sha supergol futbolchilarimizga Angliya terma jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba keltirib, jahon chempionatining chorak finaliga olib chiqqan.

Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portalida Lazizbek Mirzayev yoshlar terma jamoasi safida jami 16 ta uchrashuvda qatnashib, Avstraliya, Rossiya va Angliya terma jamoalari darvozasini ishg‘ol qilgani qayd etilgan.

Lazizbek Mirzayevga Rossiya Premer-ligasining bir necha klublari ham qiziqish bildirib, uning faoliyatini jiddiy tarzda kuzatib borgani haqida ham ma’lumotlar chiqarilgandi. Xususan, “Rostov” klubi Lazizbek 2024 yilning oktyabrida 18 yoshga to‘lganidan keyin futbolchi bilan to‘laqonli shartnoma tuzishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida ham ma’lumotlar tarqatilgandi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, Lazizbek Mirzayev mashhur futbolchi Odil Ahmedov akademiyasidan yetishib chiqqan va 2022 yilning yanvarida “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolagan. Uning Toshkent klubi bilan shartnomasi 2025 yilning oxirigacha tuzilgan.

Lazizbek Mirzayovning transfer summasi 2023 yil yakuniga ko‘ra, 50 ming yevrodan 200 ming yevroga ko‘tarilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Angliyaga gol urgan futbolchimiz Ispaniya klubi nazariga tushdi