15:11 / 14.04.2024
80

Angliyada kun o‘yinlari: «Tottenhem»ning xo‘rlanishi va Dokuning benefisi

Angliyada kun o‘yinlari: «Tottenhem»ning xo‘rlanishi va Dokuning benefisi
Shanba oqshomida Angliya futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat bilan ushbu maqola orqali tanishishingiz mumkin.

«Nyukasl» — «Tottenhem» 4:0
Gollar
: Isak (30, 51), Gordon (32), Sher (87).
«Nyukasl» – Dubravka, Sher (Dammett, 90+3), Kraft, Bern, Anderson (Richi, 90+2), Bruno Gimaraes (Uayt, 90+2), Longstaff, Merfi (Livramento, 77), Barns (Holl, 89), Gordon, Isak.
«Tottenhem» – Vikario, Porro (Emerson, 49), Romero, van de Ven, Udoji, Meddison (Lo Chelso, 81), Bentankur (Sarr, 57), Bissuma (Hyoyberg, 57), Son (Kulusevski, 58), Jonson, Verner.
Ogohlantirishlar: van de Ven (27), Bissuma (47), Romero (56), Meddison (61).

«Tottenhem» hisobni ochishi mumkin edi, ammo o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi, keyin esa himoyachilarining xatolari tufayli ikki daqiqa ichida ikki gol o‘tkazib yubordi. Dastlab Gordon Udojidan to‘pni olib qo‘ydi va Isakni qulay vaziyatga chiqardi, keyin Porroning xato pasidan keyin to‘pni egallab olib, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi — u joriy mavsumda «Sent-Jeyms Park»da «katta oltilik»ning barcha vakillariga gol urdi. Isak birinchi goli bilan «Nyukasl» afsonalari — Alan Shirer, Endi Koul va Les Ferdinand bilan tenglashib oldi. Bungacha «qarg‘alar»ning faqat shu uch futbolchi APLning qatorasiga olti uy uchrashuvida raqib darvozalarini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgandi.

Mezbonlar tanaffusdan keyin darhol o‘yin taqdirini hal qilishdi. «Shporlar» himoya chizig‘ini juda oldinga chiqarishgandi va Son raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni oldirgach, Brunu Gimaraes uzun pas orqali Isakni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqarib yubordi, o‘yin oxirida esa Gordonning burchakdan uzatgan pasidan keyin Sher to‘rtinchi golni urdi. Eddi Hau shogirdlari o‘yinning atigi 27 foiz qismida (!) to‘pga egalik qilib ham yirik hisobda g‘alaba qozondi va hozircha vaqtincha oltinchi o‘ringa ko‘tarilib, yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda. «Tottenhem» esa yakshanba kuni prinsipial raqibiga muxlislik qilishiga to‘g‘ri keladi, chunki faqat «Arsenal» g‘alabasigina «Aston Villa» top-4 uchun kurashda oldinga chiqib ketmasligini ta’minlaydi.

«Manchester Siti» — «Luton» 5:1
Gollar
: Hasioka (2, avtogol), Kovachich (64), Holand (76), Doku (87), Gvardiol (90+3) — Barkli (81).
«Manchester Siti» – Ederson, Lyuis, Ruben Diash, Akanji, Gvardiol, Kovachich, de Bryuyne (Serxio Gomes, 81), Mateush Nunesh, Doku, Holand (Bobb, 81), Alvares.
«Luton» – Kaminski, Berk, Hasioka, Dauti, Barkli, Berri (Raddok-Mpanzu, 77), Klark (Jonson, 88), Oniyedinma (Nelson, 88), Taunsend (Vudrou, 59), Chong, Morris.
Ogohlantirish: de Bruyne (43).

Sog‘ayib safga qaytgan De Bruyne bilan o‘ynagan «Manchester Siti» birinchi bo‘limni «Real»ga qarshi o‘yin uchun kuch tejayotgandek o‘tkazdi. Bo‘lim boshidayoq Holand uyushtirgan hujumdan keyin hisob ochildi va «shlyapkachilar» himoyachisi Hashioki so‘nggi uch turda ikkinchi bor o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda Kovachich ajoyib zarbasi bilan «shaharliklar»ning to‘liq ustunligini hisobda aks ettirdi.

Doku esa o‘yinning so‘nggi qismi qahramoniga aylandi. Ushbu belgiyalik avvaliga penalti ishladi va Holand hisobni yiriklashtirdi. Keyin u ikki himoyachini fintlari bilan dog‘da qoldirib ularning orasidan yorib o‘tdi, uchinchi himoyachining oyoqlari orasidan to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Keyin esa aynan uning pasidan keyin Gvardiol o‘yinga nuqta qo‘ydi. Xorvatiyalik himoyachi Chempionlar ligasidagi golidan keyin yana olis masofadan darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. Uning zarbasi shunday kuchli ediki, darvozabon joyidan qimirlashga ulgurmadi. Xosep Gvardiola jamoasi birinchi o‘ringa ko‘tarildi va «Liverpul»hamda «Arsenal»ning yakshanba kungi o‘yinlari natijasini kutadi.

«Bornmut» — «Manchester Yunayted» 2:2
Gollar
: Solanke (16), Klyuyvert (36) — Fernandesh (31, 65 penalti).
«Bornmut» – Neto, Smit (Aarons, 70), Senesi, Zabarniy, Kerkez, Kristi, Kuk, Klyuyvert (Unal, 76), Sinisterra (Kelli, 39), Uattara (Fevr, 70), Solanke.
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Maguayr, Kambvala, Uan-Bissaka, Kazemiro, Fernandesh, Maynu (Maunt, 78), Garnacho (Diallo, 46), Reshford, Hoylund.
Ogohlantirishlar: Senesi (33), Kristi (86), Kuk (86), Neto (90+1).

«MYU» uchun bu mavsumdagi raqiblarning hech biri oddiy bo‘lmayapti. «Bornmut» ham istisno bo‘lmadi. Mezbonlar dastlab maydon markazida to‘pni olib qo‘yib, tezkor qarshi hujum bilan raqib himoyachini dog‘da qoldirdi. «Qizil iblislar» javob golini katta mashaqqat bilan urishdi, ammo mezbonlar yana osonlik bilan hisobda oldinga chiqib olishdi. Klyuyvert hech qanday qarshiliksiz jarima maydoniga kirib bordi va to‘pni Kambvalaning ortidan turib yaqin burchakka aniq yo‘naltirdi. Ushbu yosh himoyachi birinchi gol o‘tkazilgan hujumda ham Solankega osonlik bilan aldangandi.

Birinchi bo‘lim oxirida Onana Klyuyverning yaqin masofadan gazonga sapchitib yo‘llagan zarbasini qaytargan holda qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. U «Yunayted» uchun o‘yinni qutqarish imkonini qoldirdi va jamoa ikkinchi bo‘limda Fernandesh tomonidan aniq ijro etilgan penalti evaziga durangga erishdi. Bu natija faqat to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Nyukasl»ga tenglashish imkonini berdi. Ammo vaziyat bundan ham yomonroq tus olishi mumkin edi, qo‘shimcha daqiqalarda «MYU» VAR tufayli o‘z darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasi qo‘yilishidan qutulib qoldi, videotakror qo‘pollik jarima maydoni tashqarida sodir etilganini qayd etdi.

Bu holatda ham Kambvala ishonchsiz harakat qilib, raqibni to‘xtatib qolgandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Angliyada kun o‘yinlari: «Tottenhem»ning xo‘rlanishi va Dokuning benefisi