Xalqaro miqyosda faoliyat olib borayotgan portaldagi narx o‘zgarishlari turli ligalarda to‘p tepayotgan ayrim legionerlarimizga ham ta’sir qildi.
Transfermarkt portali Rossiya Premer-ligasida to‘p tepgan bir guruh charm to‘p ustalarining yangi narxlarini e’lon qildi.

SSKA safidagi o‘yinlari bilan mavsumning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan Abbosbek Fayzullayev transfer narxi oshgan futbolchilar qatoridan joy oldi.
20 yoshli hujumkor futbolchimizning transfer summasi yana bir million yevroga qimmatlab, bundan buyon 6 million yevroni tashkil qilmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev birinchi marotaba Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylandi.
Endi iste’dodli futbolchimiz transfer summasi bo‘yicha mintaqaning tajribali o‘yinchilari – Eldor Shomurodov va Baxtiyor Zaynutdinovni ortda qoldirmoqda. Italiya va Turkiya chempionatlarida to‘p tepayotgan bu legionerlar besh million yevroga baholangan.
Rossiya Premer-ligasida “Rubin” sharafini himoya qilayotgan ikki vakilimiz – himoyachi Rustam Ashurmatov va yarim himoyachi Umarali Rahmonaliyevda nima gap?
Transfermarkt portalidagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Ashurmatov yuz ming yevroga qimmatlagan va ayni paytda 800 ming yevroga baholanyapti. Umarali Rahmonaliyevning natijasi o‘zgarmagan va legionerimizning transfer summasi 600 ming yevroligicha qoldi.
E’tiborga molik jihati shundaki, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisobangan Abbosbek Fayzullayev o‘tgan yilning avgust oyida Rossiya Premer-ligasiga yo‘l olganida transfer summasi 750 ming yevroni tashkil qilardi.
SSKA rahbariyati o‘zbek o‘yinchisining transferi undan ham arzon – atigi 500 ming yevroga tushgan.
Fayzullayev yakunlangan mavsumda Rossiya chempionati va kubogida raqiblar darvozasiga beshta gol urdi va jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatdi.
Shuningdek, hujumkor futbolchimizning narxi ko‘tarilishida uning xalqaro miqyosdagi faoliyati sermahsul bo‘lgani ham inobatga olingan.
Xususan, Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari safida Qatarda o‘tkazilgan ikki Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Endi iste’dodli hamyurtimiz kelasi oy Fransiya poytaxti Parij shahrida boshlanadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu turnir ham legionerimizning transfer summasiga ta’sir o‘tkazishi tabiiy.
Aslini olganda, anchadan beri Abbosbek Fayzullayevning Yevropa ligalariga qachon o‘tishi ko‘pchilikni qiziqtirib kelayotgan mavzu hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘yinchi narxining muntazam o‘sib borishi xorij klublarining e’tiborini tortadigan omillardan biri hisoblanadi. Chunki har qanday klub ham nishondagi o‘yinchiga foyda manbai va kelajak uchun aktiv sifatida baho beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar