00:49 / 11.06.2024
294

Srechko Katanes: Biz ham istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz

Srechko Katanes: Biz ham istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes va darvozabonimiz O‘tkir Yusupov Eronga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

Srechko Katanes:
— Biz ertangi uchrashuvga tayyormiz. Eronni yaxshi bilamiz, ular bilan ko‘p bor to‘qnash kelganmiz. Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri hisoblangan Eronga qarshi bahs oson o‘tmasligi aniq. Futbolchilarim o‘z darajalarini ko‘rsatishlariga ishonaman. Umid qilamanki, har ikki jamoa toza futbol ko‘rsatadi va kartochkalarsiz o‘yin guvohi bo‘lamiz. Biz ham o‘z darajamizga egamiz, istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz. Bor e’tiborimiz ushbu bahsga qaratilgan.

Eronga qarshi g‘alabasiz seriya bu shunchaki statistika xolos. Ertangi bahsda eronlik qaysi futbolchilar katta sahnaga chiqadi buni bilmayman. Asosiy e’tiborim o‘z o‘yinimizga qaratilgan. Jamoamdagi har bir futbolchi Taremi va Azmun singari futbolchilarga qarshi nima qilayotganini aniq bilib turishlarini istayman. Albatta, ehtiyotkorlikni ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Bosimni yengib o‘ta olgan jamoa g‘olib bo‘ladi.

Eron Pro ligasidagi legionerlarimiz haqida
— Jaloliddin Masharipov va Oston O‘runov Eron chempionatiga yaxshi moslashdi, bundan juda xursandman. Ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda ikkisi ham yuqori sport formasida ekanini ko‘rdik. Ular ertangi bahsda ham o‘zlarini ko‘rsatishadi, deb o‘ylayman. Eng asosiysi ular jamoa uchun o‘ynashsin.

Eron tarkibi haqida
— Eron uzoq yillardan beri deyarli bir xil tarkibga ega. Hozir mavsum oxiri va barcha futbolchilarda charchoq bor. Lekin eronlik futbolchilar doim birga va ularda jismoniy tayyorgarlik ham a’lo darajada.

Reglament haqida
— Nima sababdan futbolchilarning sariq kartochkalari keyingi bosqichda ham saqlanib qolishi tushunarsiz, ular 3-saralash raundiga “toza” holda o‘tishlari kerak.

O‘tkir Yusupov:
— Ertaga chiroyli o‘yin bo‘ladi, Eronga yaxshi niyat bilan keldik. G‘alaba qozonib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytishni niyat qilganmiz.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisobida 13 ochko mavjud va ular keyingi bosqich masalasini muddatidan oldin hal qilgan, Eron ham xuddi shuncha ochko bilan guruhda 1-o‘rinni egallab turibdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi bahs ertaga, 11 iyun kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes: Biz ham istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz