13:10 / 24.07.2024
480

“Barselona” yulduzi O‘zbekiston bilan bo‘ladigan to‘qnashuv oldidan nimalar dedi?

“Barselona” yulduzi O‘zbekiston bilan bo‘ladigan to‘qnashuv oldidan nimalar dedi?
Jahondagi barcha sport ishqibozlari kutayotgan Parij Olimpiadasining futbol musobaqasini O‘zbekiston – Ispaniya hamda Argentina – Marokash uchrashuvlari boshlab beradi.

Ko‘pchilikning e’tibori terma jamoamizning ispanlar bilan bo‘ladigan o‘yiniga qaratiladi. Chunki Ispaniya milliy terma jamoasi yaqinda Germaniya mezbonlik qilgan Yevropa chempionatida g‘olib chiqqanidan keyin bu mamlakat futboliga bo‘lgan qiziqish yanada kuchaydi.

Qolaversa, Olimpiya o‘yinlari bu gal Yevropa qit’asi yuragi bo‘lmish Parijda o‘tkazilayotgani ham “ko‘hna qit’a” mamlakatlari terma jamoalari natijalariga qiziqishni orttirishi tabiiy hol sifatida baholanmoqda.

O‘zbekiston va Ispaniya terma jamoalarining o‘zaro bellashuvi oldidan raqib tarkibiga jalb qilingan “Barselona” tarbiyalanuvchisi Pau Kubarsi ispan nashrlariga o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi.

- Men maksimal darajada rohat olishga harakat qilyapman va bu yerda bo‘lish menga juda yoqyapti. To‘g‘risini aytsam, bir yil muqaddam bu yerga kelishim mumkinligi haqida tasavvur ham qila olmasdim.

Biz haqiqatdan ham musobaqa boshlanishi va birinchi o‘yinni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Debyut o‘yinimizga juda uzoq muddat tayyorlandik, juda hayojondamiz, chunki Olimpiya o‘yinlari katta va mas’uliyatli musobaqa.

Biz bu turnirga juda katta ishtiyoq va maqsadlar bilan kirishyapmiz. Har doim maksimal natijalarga intilamiz, chunki Ispaniya terma jamoasi a’zolarimiz. Terma jamoamiz doimo yuqori natijalarni qo‘lga kiritishi kerak.

Agar biz yaxshi raqobatlasha olsak va o‘z o‘yinimizni namoyish qila olsak, musobaqani juda yaxshi saviyada o‘tkazamiz
, - dedi 17 yoshli himoyachi Pau Kubarsi.

Ispaniya terma jamoasi “Tokio-2024” Olimpiadasida ham juda muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalgacha yetib borgan. Biroq ispanlar hal qiluvchi bahsda Braziliya terma jamoasiga yutqazib qo‘yib, kumush medal bilan kifoyalangan.

Bu gal ispan futbolchilari oldiga milliy terma jamoaning qit’a chempionatidagi zafarli yurishlarini davom ettirib, Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan.

O‘zbekiston va Ispaniya terma jamoasi musobaqaning “S” guruhidan joy olgan. Bu kvartetda Misr va Dominikan Respublikasi futbolchilari ham bor.

Olimpiya o‘yinlarining erkaklar o‘rtasidagi futbol bellashuvlarida 16 mamlakat terma jamoalari to‘rt guruhga bo‘lingan holda o‘zaro raqobatlashadi. Har bir guruhdan dastlabki ikki pog‘onani egallagan jamoalar pley-offga yo‘llanma oladi.

Guruh bahslarida ishtirokchilarning ochkosi bir xil bo‘lib qolsa, avval to‘plar nisbatiga, keyin esa, terma jamoalarning o‘zaro o‘yindagi natijasiga qarab, keyingi bosqichga yo‘llanma oladigan jamoa aniqlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Barselona” yulduzi O‘zbekiston bilan bo‘ladigan to‘qnashuv oldidan nimalar dedi?