22:44 / 24.07.2024
1 250

Ispaniya yulduzlarini qiynab tashlagan O‘zbekistonning o‘yini Yevropada qanday baholandi?

Ispaniya yulduzlarini qiynab tashlagan O‘zbekistonning o‘yini Yevropada qanday baholandi?
Fransiya poytaxti mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarini O‘zbekiston – Ispaniya hamda Marokash – Argentina o‘rtasidagi birinchi tur uchrashuvlari boshlab berdi.

Ispaniya terma jamoasi nafaqat “С” guruhidan o‘rin olganlar orasida favorit, balki Olimpiya o‘yinlarining oltin medaliga asosiy da’vogar hisoblanadi.

Olimpiya o‘yinlaridek nufuzli musobaqada ilk bor ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ispanlar bilan tengma-teng kurashdi. Futbolchilarimiz ayrim vaziyatlarda Yevropa futboli vakillaridan ustunlik qilgan, raqibni talvasaga solib qo‘ygan holatlar ham ko‘p bo‘ldi.

To‘g‘ri uchrashuvdagi hisob 2:1 ko‘rinishida Ispaniya terma jamoasi foydasiga hal bo‘ldi. Lekin hamyurtlarimiz qolgan biror jihatdan kuchli raqibdan ortda qolgani yo‘q. Eldor Shomurodov penaltini aniq bajarib, O‘zbekistonning Olimpiya o‘yinlaridagi birinchi golini urdi va bu ko‘rsatkich davomli bo‘lishiga umid qilamiz.

Yana bir e’tiborga molik holat ikkinchi bo‘lim boshida yuz berdi. Iste’dodli darvozabon Abduvohid Ne’matov mavsumni “Manchester Siti” safida Angliya chempioni sifatida yakunlagan Serxio Gomesning 11 metrlik belgidan yo‘llagan zarbasini mahorat bilan qaytarib, Parij Olimpiadasida penaltini bartaraf etgan birinchi darvozabon sifatida tarixga kirdi.

Fransiyaning futbolni yoritayotgan nufuzli nashrlaridan biri le11hdf.fr saytining futbol bo‘yicha eksperti Enso Paylot uchrashuvni quyidagicha tahlil qildi.

- Olimpiya o‘yinlarining favoriti sifatida e’tirof etilgan Ispaniya terma jamoasidan farqli ravishda, O‘zbekiston futbolchilari o‘zlarini munosib ko‘rsata oldi. Biroq ularga ispaniyaliklardan ochko olish nasib qilmadi.

Fransiyada o‘ynayotgan Abduqodir Husanov bu bahsda ilk daqiqalardan maydonga tushdi.

Agar mag‘lubiyatga rag‘bat beriladigan bo‘lsa, uni Ispaniyadan yengilgan O‘zbekiston terma jamoasiga berish lozim. Olimpiya o‘yinlarining ochilish o‘yinida Abduqodir Husanovning jamoadoshlari Ispaniyaga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.

Ispaniyaliklar birinchi bo‘lib Mark Pubiilning harakatlari evaziga hisobni ochdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay o‘zbekistonliklarning hujumdagi yetakchisi, “Roma” forvardi penaltini aniq bajarib, hisobni tenglashtirdi.

Xavfli va ishonch bilan o‘ynagan O‘zbekiston baribir gol o‘tkazib yubordi. Avvaliga Serxio Gomesning penaltidan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi. Lekin “Manchester Siti”da tajriba oshirgan Gomes birozdan keyin maqsadiga yetdi.

O‘zbekistonliklar harchand harakat qilmasin, hisobdagi farqni yo‘qqa chiqara olmadi.

Bu mag‘lubiyat uchun Abduqodir Husanov va uning jamoadoshlarini tanqid qilib bo‘lmaydi. Ular Misr va Dominikan Respublikasi terma jamoalariga qarshi o‘tkaziladigan bellashuvlarda g‘alaba uchun o‘ynaydi. Guruh bosqichida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ikkitadan terma jamoa pley-offga chiqadi
, - deb yozdi fransiyalik ekspert Enso Paylot.

Eslatib o‘tamiz, keyingi tur 27 iyulga belgilangan va unda terma jamoamiz misrlik futbolchilar bilan kuch sinashadi. Guruhdagi so‘nggi bahs 30 iyul kuni Dominikan Respublikasi vakillariga qarshi o‘tkaziladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ispaniya yulduzlarini qiynab tashlagan O‘zbekistonning o‘yini Yevropada qanday baholandi?