20:10 / 31.07.2024
988

Parijdagi birinchi jangidayoq sensatsiya ko‘targan bokschimiz “dahshatli” raqibga tushdi!

Parijdagi birinchi jangidayoq sensatsiya ko‘targan bokschimiz “dahshatli” raqibga tushdi!
Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida qator sport turlari bo‘yicha kurashlar qizg‘in pallaga kirib bormoqda.

Ayniqsa, boks musobaqalari kutilmagan natijalar, sensatsiyalar, keskin va murosasiz to‘qnashuvlarga boy bo‘lyapti.

O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari jahondagi yetakchilik mavqeini saqlab kelmoqda. Hasanboy Do‘smatov, Bahodir Jalolov kabi tajribali yulduzlar qatorida iste’dodli yosh bokschilarimiz ham muxlisu mutaxassislar ishonchini oqlab kelyapti.

Parij Olimpiadasida vazni 80 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi yurishini boshlagan To‘rabek Habibullayevning dastlabki uchrashuvdagi g‘alabasi sensatsiya sifatida baholanmoqda.

Iste’dodli yosh bokschimiz kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga qo‘shilganiga unchalik ko‘p bo‘lgani yo‘q. To‘rabekning eng yuqori natijasi 2022 yili qayd etilgan va o‘shanda hamyurtimiz yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan.

To‘rabek Parij Olimpiadasining yo‘llanmasini Italiyaning Busto-Arsitsio shahrida o‘tkazilgan birinchi jahon litsenzion turnirida qo‘lga kiritdi.

Parij ringlarida hamyurtimiz kuchli raqib – Tokio Olimpiadasi sovrindori va 2019 yilgi jahon chempionati finalchisi Eumir Marsialga ro‘baro‘ bo‘ldi. Bellashuvda bor mahoratini ko‘rsatgan To‘rabek 28 yoshli filippinlik mashhur bokschini taslim qila oldi.

Britaniyalik boks murabbiyi va eksperti Teylor O'Xiggins o‘zbek bokschisining tajribali raqibga qarshi jangini yuqori baholadi.

- To‘rabek Habibullayevdan ajoyib g‘alaba. Yosh bokchsi avvalgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medal sovrindori Eumir Marsialni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘zbek bokschisi jangda juda puxta taktika qo‘lladi. Jang davomida muntazam masofani qisqartirdi, raqib harakatlarini to‘xtatib, keyin shiddatli hujumga o‘tdi
, - deb yozdi Teylor O'Xiggins.

Keyingi bosqichda yosh bokschimizni juda katta sinov kutib turibdi. To‘rabek Habibullayev navbatdagi jangini kubalik Arlen Lopesga qarshi o‘tkazadi.

31 yoshli Lopes ikki karra Olimpiada chempioni, jahon chempionati va Panamerika o‘yinlari g‘olibi hisoblanadi. Havaskorlar boksidagi faoliyati davomida jami 167 ta g‘alaba va 28 ta mag‘lubiyat qayd etgan.

O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan faqatgina Isroil Madrimov Arlen Lopesni ikki marotaba mag‘lub etishni uddalagan. Endi bu ishni To‘rabek Habibullayevdan kutib qolamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Parijdagi birinchi jangidayoq sensatsiya ko‘targan bokschimiz “dahshatli” raqibga tushdi!