Parij-2024 – O‘zbekiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli Olimpiadaga aylandi. 208ta davlat orasida jahonda 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egallagan mamlakatimiz delegatsiyasining tarixiy muvaffaqiyatida bokschilarning hissasi katta bo‘ldi. To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi charmqo‘lqop ustalari dunyoning tengsiz jamoasiga aylanishdi.
Tarkib
Milliy jamoamiz Parij-2024 bahslarida jami 11 nafar bokschi bilan qatnashdi. To‘lqin Qilichev murabbiyligidagi erkaklar jamoasi 7 bokschi –Hasanboy Do‘smatov (-51 kg), Abdumalik Xalokov (-57 kg), Ruslan Abdullayev (-63,5 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-71 kg), To‘rabek Habibullayev (-80 kg), Lazizbek Mullojonov (-92 kg) va Bahodir Jalolovdan (+92 kg) tashkil topgandi.
Elshod Rasulov murabbiyligidagi ayollar jamoasi esa 4 bokschi bilan yo‘l olgandi – Sabina Boboqulova (-50 kg), Nigina O‘ktamova (-54 kg), Sitora Turdibekova (-57 kg) va Navbahor Hamidova (-66 kg).
7ta vaznning 5tasida chempionlik
Parijdagi boks bahslarining ayollar o‘rtasidagi janglarida vakillarimiz medalga ega chiqa olishmadi, bu borada xitoylik bokschi qizlar umumjamoa hisobida boshqalardan ustun keldi. O‘zbekiston erkaklar jamoasi esa jami 7ta vaznning 5tasida raqiblariga «non qoldirmadi».
-63 kg vazndagi jahon chempioni Ruslan Abdullayev chorakfinalda ikki raundda ham raqibidan ustunligini ko‘rsata olgan bo‘lsa-da, hakamlar qaroriga ko‘ra alamli tarzda turnir bilan xayrlashdi. -80 kg vazn toifasidagi To‘rabek Habibullayev ham chorakfinalda ikki karra Olimpiada chempioni kubalik Arlen Lopesga qarshi munosib jang o‘tkazib 2:3 hisobida musobaqani tark etdi.
Qolgan 5ta vaznda esa Hasanboy Do‘smatov (-51 kg), Abdumalik Xalokov (-57 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-71 kg), Lazizbek Mullojonov (-92 kg) va Bahodir Jalolov (+92 kg) raqiblariga imkoniyat qoldirmay, oltin medalga ega chiqdi. Ayniqsa, «professor» va «Big Uzbek»ning ikki karra Olimpiada chempioniga aylangani tarixiy natijaga aylandi. Jalolovning turnir davomida birorta ham raundda mag‘lub bo‘lmagan yagona bokschiga aylangani tahsinga sazovor. Shuning o‘zi ham Bahodirning professional boksga o‘tish vaqti yetganidan darak edi.
O‘zbekiston – boks bo‘yicha dunyoning 1-raqamli mamlakati
Ha, o‘tgan yilgi JCH-2023 va endi Parij-2024 Olimpiadasidan keyin hech bir mubolag‘asiz shunday deyishga haqlimiz. Boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar jamoasining 5ta oltini mamlakatimizning ushbu sport turi bo‘yicha Olimpiada medallar jamg‘armasida yaqqol peshqadamlik qilishini ta’minladi. O‘zbekiston bu borada so‘nggi 10-15 yillikda Olimpiadada medallarni o‘ziniki qilib kelgan Kuba, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozog‘iston singari boks mamlakatlari hukmronligiga chek qo‘ya oldi.
Bu mamlakatlar qatoriga Xitoy tilga olinmagani sababi, chin yurti vakillari hozirgacha erkaklar o‘rtasidagi bahslarda muvaffaqiyat qozona olmayapti, ammo so‘nggi yillarda XOQ tomonidan boksda erkaklar o‘rtasidagi vazn toifalar qisqartirilib, ayollar boksiga o‘rinlar qo‘shilayotgani ortidan bu mamlakat ayollar boksida peshqadamga aylanib oldi va Parijda ham 5 nafar vakili finalda qatnashib, 3ta oltin 2ta kumush medaliga egalik qildi. Bu esa Xitoyni umumjamoa hisobida 2-o‘ringa olib chiqqan. Uchlikdagi Xitoy Taypeyida ham shunday holat.
Taqqoslash uchun, O‘zbekiston so‘nggi Tokio-2020 Olimpiadasi boks bahslariga amaldagi yetakchi sifatida borgan bo‘lsa-da, umumjamoa hisobida Bahodir Jalolovning yagona oltini bilan 8-o‘rinni egallagandi. Aslida Yaponiyadagi turnirga erkaklar jamoasi Parijdagidan bir kishi ko‘p – 8 nafar bokschi bilan qatnashgandi. Biroq, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov, Bobo-Usmon Boturov, Fanat Qahramonov, Dilshodbek Ro‘zmetov, Sanjar Tursunov singari bokschilar ketma-ket turnirni erta tark etgach, Kuba 4ta oltin bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan, Buyuk Britaniya jami 6ta medal bilan 2-o‘rin, rossiyaliklar esa bitta oltin va jami 6ta medal bilan uchlikdan joy olgandi.
Boksdagi peshqadamlik qanday qaytarildi?
Rio-2016da 10 nafar erkak bokschi bilan qatnashgan O‘zbekiston milliy jamoasi jami 7ta – 3ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza bilan Kubani (3 oltin, 3 bronza) ortda qoldirib, o‘z tarixida ilk marta boks bo‘yicha peshqadamga aylangandi. Ammo 5 yil o‘tib, Tokiodagi 1ta oltin va 8-o‘rin natijasi bokschilarimiz uchun jiddiy pasayish edi. Bokschilarning koronavirus pandemiyasidan keyingi natijasi o‘shanda tanqid qilingan, avvalgi mavqeni tiklash uchun zarur choralarni ko‘rish aytilgandi.
2021 yilda Tokio Olimpiadasidan keyin prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Parijda O‘zbekiston delegatsiyasining top-15likga kirish uchun barcha imkoniyati borligi va bundan foydalanish zarurligi haqida gapirilgach, boksda katta o‘zgarishlarga qo‘l urildi. O‘zbekiston boks federatsiyasi avvalo xato va kamchiliklardan xulosa qilib, qariyb bir yil davomida Parij-2024 uchun puxta tayyorgarlik rejasini tuzib chiqdi.
2022 yilning avgust oyida esa O‘zbekiston boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Saken Polatov va O‘zbekiston boks federatsiyasi Bosh kotibi Shohid Tillaboyev milliy jamoaning yangi murabbiylar shtabini tanishtirib, bokschilarni uzoq vaqt davomida boshqarib kelgan Marat Qurbonov o‘rniga To‘lqin Qilichev O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida e’lon qilingandi. Mahalliy mutaxassisga yurtimizning eng tajribali murabbiylaridan biri Rahmatjon Ro‘zioxunovdan tashqari, kubalik tajribali mutaxassislar shtabining yordamchi etib tayinlangani boks rahbariyatining eng to‘g‘ri qarorlaridan biri bo‘ldi. AIBA sobiq prezidenti bo‘lgan taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimov esa professional boks federatsiyasi birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagani ham ta’sirini o‘tkazmay qolmasdi.
O‘shanda O‘zbekiston boks federatsiyasi maslahatchisi sifatida Karlos Ivan Fuentes Vilyanueva tayinlangandi. Boksda 50 yillik tajribaga ega bu shaxs Kubada zamonaviy va milliy boks uslubi asoschilaridan biri sanalib, Tokio-2020da Kubani 1-o‘ringa olib chiqqan bosh murabbiy Rolando Asebalning ustozi hisoblanardi. Karlos Ivan – bugungi yutuqlarning parda ortidagi asoschilaridan biri deyish mumkin.
G‘alabalarda mehnati singgan qahramonlardan yana biri 2022 yilda boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi katta murabbiyi sifatida ish boshlagan Xuan Enrike Tissert sanaladi. U Kuba, Ispaniya, Filippin va Venesuela milliy jamoalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan, endi esa O‘zbekistonning tarixiy natijasida qatnashdi. Shuningdek, faoliyati davomida Indoneziya, Tailand, Misr kabi mamlakatlarda boksni yuqori pog‘onaga olib chiqilishida xizmat qilgan yordamchi murabbiyi Xulio Li Xechevarriya, Kuba sport tibbiyoti milliy instituti mutaxassisi bo‘lgan fizioterapevt Xesus Alberto Morales Monteroning ham Parijdagi tarixiy yutuqlarimizda munosib hissasi bor. Kubalik boks mutaxassislarining O‘zbekistonning turli nuqtalarida bo‘lib, qilingan katta hajmdagi ishlardagi ishtiroki samarali bo‘ldi, deyish mumkin.
Aslida, bokschilarning 2023 yil Toshkentda o‘tgan jahon chempionatidagi ishtiroki ham Parij-2024 oldidan katta va’dalarni berayotgandek edi. O‘zbekiston JCH-2023da jami 9ta medal – 5ta oltin, 2tadan kumush va bronza bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan. Bir yil o‘tib Olimpiadada ham xuddi shunday – 5ta oltin qo‘lga kiritildi.
Albatta, davlat rahbarining e’tibori, yaratilayotgan sharoitlar, sportchilarning qo‘llab-quvvatlanishi, mukofotlar sportdagi muvaffaqiyatlarda juda muhim ahamiyatga ega. Ammo shu bilan birga boks rahbariyatining o‘tgan yillardagi samarali faoliyati, Xalqaro boks federatsiyasi va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasidagi sovuqchilikka qaramay, munosabatlarda har doim oltin oraliqni topib kelayotgani tahsinga sazovor. Tokio-2020dagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin o‘zbek boksini yangi darajaga olib chiqib, jahon chempionati va Olimpiadada O‘zbekistonni 1-raqamli boks mamlakatiga aylantirgan To‘lqin Qilichev murabbiyligidagi bokschilar bilan bir qatorda, Saken Polatov, Shohid Tillaboyev boshchiligidagi boks va MOQ rahbariyati ham bugun qarsak va olqishlarga munosib.
Usmon Ibodov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi