08:25 / 07.09.2024
67

Qirg‘iziston klubida muvaffaqiyatli ishlayotgan o‘zbek murabbiyi bilan suhbat

Qirg‘iziston klubida muvaffaqiyatli ishlayotgan o‘zbek murabbiyi bilan suhbat
10 sentyabr kuni Bishkekda “JCH-2026” 3-saralash bosqichining 2-turida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida Markaziy Osiyo derbisini ko‘ramiz.

Birinchi uchrashuvda vakillarimiz Toshkentda KXDRni 1:0 hisobida yengdi. Qirg‘iz Respublikasi esa Tehronda Eronga xuddi shu hisobda yengildi.

Ayni paytda Qirg‘iziston chempionatida o‘zbekistonlik tajribali mutaxassis Islom Ahmedov ishlab kelyapti. U “Abdish Ata” bosh murabbiyi sifatida jamoani o‘tgan yili mamlakat chempioniga aylantirdi va OFK Kubogiga olib chiqdi.

Ushbu murabbiy Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.

- O‘zbekiston birinchi o‘yinda KXDRni 1:0 hisobida yutdi. O‘yin haqida fikringiz qanday?
- O‘zbekiston terma jamoasi ushbu o‘yinda kerakli natijaga erishdi. Jamoaning salohiyati juda katta ekanligi aniq. Ishonchim komilki, o‘yindan-o‘yinga jamoa yaxshi o‘yin va kerakli natijani ko‘rsatadi.

- Ikkinchi turda O‘zbekiston Bishkekda Qirg‘iziston bilan o‘ynaydi. Siz ayni paytda Qirg‘iziston chempionatida, eng kuchli klubi - "Abdish Ata" bosh murabbiyisiz. Ayting-chi, Qirg‘iziston termasi bugungi kunda qanday holatda?
- Biz hammamiz Qirg‘iziston terma jamoasining Eronda qanday o‘ynaganini ko‘rdik. Maksim Lisitsin boshchiligidagi jamoa tezkor qarshi hujumlarda yaxshi tashkil etilgan mudofaa o‘yinini namoyish etdi. Jamoa ushbu saralash bosqichida jahon chempionatiga chiqish uchun haqli ravishda o‘ynayotganini yana bir bor isbotladi. Barchamiz 10 sentyabr kuni Bishkekda qiziqarli o‘yinni kutmoqdamiz.

- Umuman olganda, Qirg‘iziston-O‘zbekiston uchrashuvidan nima kutyapsiz?
- Aytib o‘tganimdek, ushbu uchrashuvdan qiziqarli o‘yin kutyapmiz. Hozirgi vaqtda Qirg‘iziston terma jamoasida barcha kuchli o‘yinchilar o‘ynaydi. Individual ravishda ham kuchli. Taktik jihatdan ular ma’lum bir raqibga qarshi maydonda nima qilishni bilishadi va eng muhimi jamoa xarakterga ega. Nafaqat O‘zbekiston terma jamoasi, balki mazkur guruhdagi barcha jamoalar uchun Qirg‘izistonga qarshi o‘ynash qiyin bo‘ladi.

- "Abdish Ata" klubidan nechta futbolchingiz Qirg‘iziston terma jamoasiga chaqirilgan?
- “Abdish Ata” jamoasidan 10 nafar futbolchi taklif qilindi va yakuniy ro‘yxatda 5 nafari qoldi.

- Bugungi kunda Qirg‘izistonning eng xavfli futbolchisi kim?
- Men aniq ta’kidlay olmayman. Barcha futbolchilar o‘z pozitsiyalarida juda kuchli.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qirg‘iziston klubida muvaffaqiyatli ishlayotgan o‘zbek murabbiyi bilan suhbat