10:30 / 11.09.2024
92

Masharipov: "Endi yosh futbolchi emasmiz, ayrim bir vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olib, vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak"

Masharipov: "Endi yosh futbolchi emasmiz, ayrim bir vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olib, vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak"
O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov Qirg‘iz Respublikasiga (2:3) qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng o‘yin haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

- Qirg‘iziston terma jamoasida bugun kichik ustunlik bo‘lishini bilardik. Raqiblarimiz o‘z uylarida o‘ynayotgani qo‘shimcha kuch berdi. Bugun stadion ochilishi bo‘ldi va shu sababli stadionga juda ko‘p muxlislar tashrif buyurdi. Bu uchrashuv haqiqiy derbidek o‘tdi.

O‘zimiz kichik xatolarga yo‘l qo‘ydik. Raqib esa bundan unumli foydalandi, lekin yigitlar o‘zini yo‘qotib qo‘yishmadi va o‘tkazib yuborilgan gollardan so‘ng uyg‘onishdi. Chiroyli "kambek" amalga oshirdik.

- Birinchi bo‘limda ma’lum bir vaqt o‘zingiz uchun asosiy bo‘lmagan hujumchi pozitsiyasida o‘ynadingiz. O‘z qanotingizni tashlab, maydon markaziga o‘tib olganingizga nima sabab bo‘ldi?

- 10-15 daqiqa vaqt ichida oldinda kamchilik bo‘lib qolgan edik. Maydon markazi esa biroz bo‘shab qolgandi, Nasrullayev esa qanotni to‘liq egallay olishini bilardim. Shu sababli maydon markaziga o‘tib, Eldor bilan Ostonga vaziyatlar yaratib berishga harakat qildim. Shundan so‘ng vaziyatlarimiz soni ko‘paydi. Endi yosh futbolchi emasmiz, ayrim bir vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olib, vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak.

- O‘zbekiston terma jamoasi ko‘p uchrashuvlardan beri o‘yin davomida mag‘lubiyat bo‘layotganiga qaramay, natijani o‘z foydasiga hal eta olyapti. Bugun ham bahs davomida ikki marotaba hisobda ortda borayotgandik, ammo yakundan g‘alaba qozondik. Ushbu holatga fikr bildirib o‘tsangiz?

- Futbolchilarimizda ruhiy tomonlama o‘ziga bo‘lgan ishonch bor. Bu bizning birinchi "kambek"imiz emas, ancha vaqtdan beri bunday irodali o‘yin namoyish etyapmiz. Imkon qadar "kambek"larsiz g‘alaba qozonishimiz kerak. Shunda muxlislarga ham, bizga ham osonroq bo‘ladi. Futbolchilarimiz gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng xotirjam harakat qilishmoqda.

- Guruhda asosiy raqibimiz deya ko‘rilgan Qatar bugun KXDRni mag‘lub eta olmadi. Amaldagi Osiyo chempionlari ikkita turda bor-yo‘g‘i bir ochko to‘plashdi. Guruhdagi vaziyatga baho berib o‘tsangiz?

- Ko‘pchilik bizdan KXDRni yirik hisobda mag‘lub etishimizni kutayotgandi. Bugun esa, KXDR Qatar bilan durang qayd etdi. Bu siklda kuchsiz terma jamoaning o‘zi yo‘q. Qirg‘iziston ham bugun buni isbotladi va juda yaxshi kurashdi. Bunday saralashda har bitta gol va har bir ochko juda muhim rol o‘ynaydi. Yakunda, ruhiy tomonlama kuchliroq jamoa g‘alaba qozonadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Masharipov: "Endi yosh futbolchi emasmiz, ayrim bir vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olib, vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak"