09:00 / 26.09.2024
63

Shomurodov bugun “Yevro-2024” qahramoni Niko Uilyamsga qarshi o‘ynaydimi?

Shomurodov bugun “Yevro-2024” qahramoni Niko Uilyamsga qarshi o‘ynaydimi?
Italiya A Seriyasining beshinchi turiga kelib, yangi mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonlagan “Roma” endi xalqaro maydondagi yurishini boshlaydi.

Rim shahrining ko‘rki bo‘lgan “Olimpiko” stadioni UYEFAning ikkinchi nufuzli turniri – Yevropa ligasi umumiy bosqichining birinchi tur uchrashuvini qabul qiladi. Unda “bo‘rilar” Ispaniyaning kuchli jamoalaridan hisoblangan Bilbaoning “Atletik” futbolchilari bilan kuch sinashadi.

“Atletik” iqtidorli o‘yinchilarni kashf qiladigan jamoa sifatida nom qozongan. Hozirgi tarkibning asosiy yulduzlari vazifasini aka-uka Inyaki va Niko Uilyamslar bajarib kelmoqda.

Qizig‘i, Inyaki xalqaro miqyosdagi musobaqalarda kelib chiqishi borib taqaladigan Gana terma jamoasini tanlagan. Niko esa, Uilyamslar oilasiga boshpana bergan Ispaniya sharafini himoya qiladi. Jamoada bu ikki o‘yinchidan boshqa iste’dod egalari ham talaygina.

“Roma” bosh murabbiyi Ivan Yurich uchun Yevropa ligasi alohida ahamiyatga ega musobaqa. Chunki uning oldiga “bo‘rilar”ni Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan. Yevropa ligasi g‘olibi keyingi mavsumda Chempionlar ligasiga yo‘llanma oladi.

Rim klubiga Italiya chempionatida kuchli to‘rtlikka kirishdan ko‘ra, Yevropa ligasida g‘olib chiqish nisbatan osonroq. Zero, “Roma” yaqinda bu turnir finalida o‘ynadi, lekin A Seriyada anchadan beri oltinchi pog‘onadan yuqoriga ko‘tarilgani yo‘q.

Ivan Yurich “Atletik” bilan bo‘ladigan o‘yinda ishtirok etadigan o‘yinchilarni tanladi. Tarkibda yo‘qotishlar bor. Xorvatiyalik murabbiy jamoa yetakchilaridan Lorenso Pellegrini, Enso Le Fe, Nikolo Zalevski xizmatidan foydalana olmaydi.

“Atletik”ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritilgan futbolchilar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish oldi:

Darvozabonlar:Renato Marin, Metyu Rayan, Mile Svilar;

Himoyachilar:Anxelino, Evan Ndika, Saud Abdulhamid, Mats Xummels, Zeki Chelik, Mario Ermoso, Janluka Manchini, Buba Sangare;

Yarim himoyachilar:Brayan Kristante, Leandro Paredes, Manu Kone, Tommazo Baldansi, Nikolo Pisilli, Stefan El-Shaaravi, Matias Sule.

Hujumchilar:Artyom Dovbik, Paulo Dibala, Eldor Shomurodov.

Yevropa ligasi bu yildan yangi formatda o‘tkazilmoqda. Musobaqa qoidasiga ko‘ra, umumiy bosqichda jami 36 ta jamoa uy va safarda to‘rttadan, jami sakkizta o‘yin o‘tkazadi.

Rimliklar “Atletik”dan tashqari o‘z maydonida Ukrainaning “Dinamo Kiyev”, Portugaliyaning “Braga”, Germaniyaning “Ayntraxt” jamoalarini qabul qiladi. Shuningdek, Shvetsiyaning “Elfsborg”, Belgiyaning “Yunion”, Angliyaning “Tottenxem”, Niderlandiyaning “AZ Alkmaar” futbolchilari mehmoni bo‘ladi.

Umumiy guruhda dastlabki sakkiz pog‘onani egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘llanma oladi. 9-24-o‘rin sohiblari nimchorak finalga chiqish uchun o‘tish uchrashuvlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi. Qolgan jamoalar musobaqani tark etadi.

“Roma” va “Atletik” o‘rtasidagi uchrashuv 26 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:00da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov bugun “Yevro-2024” qahramoni Niko Uilyamsga qarshi o‘ynaydimi?
ePN