15:38 / 26.09.2024
59

Fransiyada o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratishdi

Fransiyada o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratishdi
Abduqodir Husanov 2023 yilning yozida Fransiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans” jamoasiga ko‘chib o‘tganidan beri o‘zbekistonlik futbol ishchibozlari Liga 1 musobaqasini, ayniqsa, lansliklarning o‘yinlarini alohida e’tibor bilan kuzatib keladi.

20 yoshli markaziy himoyachimiz Fransiya chempionatidagi birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. Abduqodir debyut mavsumida asosan o‘z salohiyatini namoyish qilish, murabbiylar shtabi ishonchini oqlash, yangi muxlislar mehrini qozonish bilan band bo‘ldi.

Bu mavsum boshidan taqdir taqozosi bilan Abduqodir Husanov “Lans” himoya chizig‘iga boshchilik qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yevropa futbolini yoritib kelayotgan onefootball.com portali Fransiya chempionati yuqori divizionida ishtirok etayotgan jamoalar himoya chizig‘i samaradorligini tahlil qilib chiqdi. Portal ekspertlari lansliklarning himoyadagi ishonchli o‘yinini Abduqodir Husanovning mahoratiga bog‘lamoqda.

Nufuzli manba bu mavsum “Lans” va “Monako” jamoalari himoyachilarining o‘yiniga yuqori baho bergan.

- Beshta uchrashuvda atigi ikkita gol o‘tkazgan “Lans” Liga 1 vakillari o‘rtasida eng mustahkam himoyaga ega jamoaga aylandi. “Monako” ham huddi shunday. Bosh murabbiy Uill Still qo‘l ostidagi himoyachilardan oqilona foydalanishni uddalamoqda. Abduqodir Husanov va Fakundo Medina o‘zini “Lans”ning eng iqtidorli himoyachilari sifatida namoyon qilmoqda.

Hozir lansliklarning himoya chizig‘i juda yaxshi ishlamoqda. Yetakchi markaziy himoyachi Kevin Danso safga qaytsa, jamoaning orqa chiziqdagi imkoniyatlari yanada kengayadi.

Yorqin va ko‘pqirrali iste’dod sohibi Abduqodir Husanov yordamida Uill Still himoyada turli variantlarni qo‘llashi, yangi taktik yechimlar qilishi mumkin
, - deb yozmoqda onefootball.com portali.

Ta’kidlash lozimki, “Lans” oldiga Yevropa Chempionlar ligasiga qaytish vazifasi qo‘yilgan. O‘tgan mavsumda bu topshiriq bajarilmadi. Natijada bosh murabbiylikka boshqa mutaxassis, ya’ni Uill Still taklif etildi.

“Lans” uch himoyachi bilan o‘ynaydi. Bu sxemada himoya chizig‘ini boshqarish markazdagi futbolchi zimmasiga yuklanadi. So‘nggi yillarda bu vazifani avstriyalik mahoratli o‘yinchi Kevin Danso bajarib kelgan.

“Lans” yozning so‘nggi kunlari Dansoni “Roma”ga ijaraga jo‘natgandi. Biroq 25 yoshli Kevinning yuragida nuqsoni borligi aniqlandi va transfer amalga oshmadi. Bu pallada murabbiylar shtabi Dansoning himoya markazidagi o‘rnida Abduqodir Husanovni o‘ynatishga qaror qildi.

20 yoshli legionerimiz o‘ziga yuklatilgan ishlarni juda zo‘r bajarmoqda. U bir necha uchrashuvda “Lans”ning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.

Abduqodir Husanovning sa’y-harakatlari va yetakchilik qobiliyati tufayli lansliklar himoyada mustahkam turibdi va kam gol o‘tkazyapti. Xususan, jamoa darvozasiga kiritilgan ikkita goldan bittasi penaltidan urildi.

Hozircha musobaqa jadvalida to‘rtinchi o‘rinda borayotgan “Lans” navbatdagi uchrashuvini 28 sentyabr kuni o‘z maydonida “Nitssa”ga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fransiyada o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratishdi
ePN