211
Husanov Evropani zabt etdi: Abduqodir "Top-5"ning eng zoʻr himoyachilari reytingida ikkinchi oʻrinda...

Joriy mavsum Abduqodir Husanov uchun juda muvaffaqiyatli boshlandi. 20 yoshli markaziy himoyachi nafaqat “Lans”da, balki Frantsiya chempionatida ham eng zoʻr oʻyinchilardan biri sifatida e'tirof etib kelinayotgan edi.
Endi oʻzbek futbolchisining iste'dodi butun Evropada tan olindi. Data Foot statistika markazi Evropa klublarida oʻynayotgan 23 yoshgacha boʻlgan himoyachilarning yakkakurashlarda qayd etgan koʻrsatkichlari asosida eng kuchli uch futbolchini aniqladi. Unga koʻra, Abduqodir Husanov ikkinchi pogʻonaga loyiq koʻrildi.
“Lans” faoliyatini yoritib kelayotgan nufuzli manbalardan biri – le11hdf.fr sayti eksperti Entso Paylot Data Foot statistika markazi reytingini sharhlab berdi.
- Abduqodir Husanovning oʻyinidagi oʻsish nafaqat uning uchrashuvlardagi harakatida, balki statistik hisob-kitoblarda ham oʻz tasdigʻini topmoqda.
Oʻzbek legionerining jamoadoshi Adrien Tomasson mashgʻulotlarda unga toʻqnash kelishdan qochib yurishini ochiqchasiga tan olgan edi. Husanov qisqa fursatda asosiy himoyachi Kevin Dansoning oʻrnini toʻliq egallab boʻldi. U boʻshliqni toʻldirishdan tashqari, “Lans”ning eng yaxshi oʻyinchisiga aylandi.
Husanov himoyada juda katta hajmdagi ishlarni oʻz zimmasiga olmoqda. Hozir u yakkakurashlarda engilmas, tezkor, oʻyinni yaxshi oʻqiy oladigan, pozitsiyani toʻgʻri tanlaydigan, himoyani toʻgʻri boshqara oladigan futbolchi sifatida e'tibor qozonmoqda.
Bu koʻrsatkichlar boʻyicha u Evropaning 23 yoshgacha boʻlgan eng zoʻr uch himoyachisidan biri hisoblanadi.
Aniq statistik ma'lumotlarni keltiradigan boʻlsak, “top-5” chempionatlarida himoyadagi yakkakurashlarda gʻolib chiqish boʻyicha Abduqodir Husanov (64 ta yakkakurashdan 84,4 foizida gʻolib chiqqan) faqatgina “Arsenal” vakili Uilyam Salibadan (74 ta yakkakurashdan 86,5 foizida ustun kelgan) orqada.
Bu borada uchinchi pogʻonada qator grand klublar e'tiborida turgan “Leyptsig” futbolchisi Kastello Lukeba (48 ta yakkurashdan 83,3 foizida ustunlik qilgan) qayd etilgan.
Shu oʻrinda Uilyam Saliba oʻzbek futbolchisidan uch yoshga katta ekani va tajribasi koʻproqligini inobatga olish muhim. “Lans” darvozaboni va sardori Bris Samba aytganidek, Abduqodir Husanov “monstr”ga aylanib boʻlgan, - deb yozmoqda le11hdf.fr sayti eksperti Entso Paylot.
Abduqodir Husanov Frantsiya chempionatida ishtirok etayotgan birinchi oʻzbek futbolchisi hisoblanadi. “Lans” uni 2023 yilning yozida oʻz safiga qoʻshib olgan. Oʻshanda lansliklar 400 ming evroga baholangan himoyachini 100 ming evro evaziga transfer qilgan edi.
Bugungi kunda 20 yoshli legionerimizning transfer summasi bir necha baravar koʻpayib, 5 million evroga etdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar