23:53 / 12.10.2024
21

O‘tkir Yusupov: "Eron bilan o‘yinda 1 ochko ham yaxshi natija, BAAni esa mag‘lub etmoqchimiz"

O‘tkir Yusupov: "Eron bilan o‘yinda 1 ochko ham yaxshi natija, BAAni esa mag‘lub etmoqchimiz"
O‘zbekiston terma jamoasi JCH-2026 uchinchi saralash bahslaridan o‘rin olgan BAAga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bugungi mashg‘ulotlar paytida jamoamiz posboni O‘tkir Yusupov o‘tgan va bo‘lajak o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Eronga qarshi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik, biroz omad yetishmadi. Bir ochko kiritganimiz ham yaxshi natija, sababi Eron kuchli va tarkibida ko‘plab yaxshi o‘yinchilar harakat qiladi. Bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynaganimizda vaziyatlarimizdan foydalana olmadik, agar o‘shalar golga aylanganda, g‘alabaga erishgan bo‘lardik.

— Reyslar yo‘qligi sabab Erondan O‘zbekistonga kelishda muammolar bo‘lgani va mashina orqali kelishingizga to‘g‘ri kelgani haqida xabarlar yangradi.

— Biz 6 oktyabrda Tabrizda o‘yin o‘tkazdik. Reyslar yo‘qligi sabab o‘yindan so‘ng Armaniston orqali Bakuga bormoqchi edim. U yerda chegara yopiqligi sabab Turkiyaga borishga to‘g‘ri keldi. Tabrizdan Van shahriga 7 soat davomida mashinada tog‘lar osha bordim. Vandan aeroportga 2 soat yo‘l bosdim. Van aeroportida chiptalarning bari sotib bo‘lingan ekan. Shu sabab u yerda 6 soat kutishimga to‘g‘ri keldi. So‘ngra Van-Anqara reysi bo‘yicha uchdim. Anqara aeroportida 10 soat kutganimdan so‘ng Toshkentga uchib keldim.

— Eron bilan o‘yinda futbolchilarimizda murabbiysiz ruhiy holat biroz yaxshi emasdek ko‘rindi va o‘yinimiz qovushmadi. O‘yin davomida 1-2ta vaziyat yarata oldik. BAA bilan o‘yinga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Murabbiyning yo‘qligi ta’sir qilmaydimi?

— Albatta, bosh murabbiyning o‘z o‘rni bor. Tayyorgarlik yaxshi, yigitlarda kayfiyat ajoyib, hamma jangovar holatda. Eron himoyaga e’tiborini qaratdi va unda yaxshi o‘ynadi, shuningdek kam yaratgan vaziyatlarimizdan foydalanolmadik.

— O‘yindagi harakatlaringiz ijobiy e’tirof etildi. "Fulad"dagi jamoadoshlaringizning bu haqda fikrlari qanday? Ular bilan gaplashdingizmi?

— O‘yindan so‘ng "Fulad"dagi jamoadoshim Ali Nemati bilan gaplashdik, u ham Eron termasi safida debyut qildi. U O‘zbekistonga ilk kelganini, shahar, stadion va muxlislar yoqqanini, shuningdek o‘yin yaxshi o‘tganini aytdi.

— Bo‘lajak raqibimiz BAA safida ko‘plab mahalliylashtirilgan o‘yinchilar bor. Bu narsa BAAni Erondan ham kuchli raqibga aylantirmaydimi?

— Men unchalik kuzatmayman, ammo Jalol (Masharipov - SA) ko‘plab braziliyaliklar fuqarolik olganini aytdi. Ertaga ularni tahlil qilamiz va o‘yinda mag‘lub etib, xalqimizni xursand qilmoqchimiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘tkir Yusupov: "Eron bilan o‘yinda 1 ochko ham yaxshi natija, BAAni esa mag‘lub etmoqchimiz"