
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralash bosqichining toʻrtinchi turida oʻz maydonida BAAni qabul qiladi.
Muhimlilik darajasi yuqori hisoblangan mazkur bahs koʻpchilikda turli taxmin va fikrlarni keltirib chiqarmoqda. Biz bu bellashuv oldidan Oʻzbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi va mutaxassis Ja'far Irismetovning fikrlari bilan qiziqdik.
"Eron bilan uchrashuvda raqibning mahorati koʻrindi deyish mumkin. Ular bir kishi kam boʻlsa ham ustunlikka ega chiqdi. Yigitlar natija uchun oʻynashdi va qisman uddalashdi. Gʻalaba qozonilganida undan ham zoʻr boʻlar edi. 3 ta oʻyinda qandaydir aniq tanlangan oʻyin koʻrayotganimiz yoʻq, ammo natija kelyapti. Avval yomon oʻynab natija qilish degan gap ommalashgandi. Hozir yana shu davrga oʻxshamoqda. Natijaga oʻynalmoqda va bundan xursandmiz.
BAAning hujum chizigʻi kuchaygani legionerlar bilan bogʻliq deb oʻylayman. Raqibning bitta Eronga qarshi uchrashuvini kuzatdim va zaif nuqtasi himoya ekanligi e'tiborimni tortdi. Ikkinchi zonada oʻtirgan holda hujumga oʻtish toʻgʻriroq boʻladi. Oʻyinda ustunlik hisobiga qiynalishimiz mumkin. Qarshi hujumda gol urib olingach natijaga oʻynaladi. Hozir terma jamoaning oʻyinini yaxshi yoki yomon deydigan payt emas. Ayni vaqtda natija kerak.
Toʻgʻri, Shomurodov darajasidagi hujumchilarimiz yoʻq. Shu bois unga bogʻlanib qolganmiz. Qanotlarda oʻyinchilarimiz bor. Shomurodovdan keyin terma jamoani kuchaytiradigan hujumchi koʻrmayapman. Ichki chempionatimizda 6 yildan beri Dragan Cheranning toʻpurar boʻlayotgani misol. Hozir Shomurodov borligiga muammolarimiz echilib turibdi. Ammo zaxirada bunday darajadagi forvard yoʻq. 5-6 yil ichida bunday oʻyinchi yana chiqishi katta soʻroq ostida. Quyi yosh toifalaridagi jamoalarda ham buni koʻrmadim.
Nasib qilsa, chiqib qolar. Hujum chizigʻida Abbos Fayzullaev, Jaloliddin Masharipov, Oston Oʻrunov bor. Yaqqol hujumchi muammoimiz boʻlib turibdi. Bu haqida koʻp gapirganman, balki hech kim eshitgisi kelmas. Buning echimi har bir jamoada hujumchi bilan ishlaydigan murabbiyning etishmasligi deb oʻylayman",- deydi Jafar Irismetov. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar