date
views 345

Shomurodovning oʻyini va Oʻzbekistonning muhim gʻalabasi Evropada qanday baholandi?

Шомуродовнинг ўйини ва Ўзбекистоннинг муҳим ғалабаси Eвропада қандай баҳоланди?
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2026 yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashni davom ettirmoqda.

Hamyurtlarimiz Osiyo mintaqasi saralash turniri uchinchi bosqichida toʻrtinchi tur uchrashuvini Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi oʻtkazib, kichik hisobda zafar quchdi.

Milliy terma jamoamizga navbatdagi uch ochkoni keltirgan yagona golni penaltidan Otabek Shukurov kiritdi.

Hozircha, 12 ta imkoniyatdan 10 ochko jamgʻargan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi (Eron hisobida ham 10 ochko bor) oʻz guruhida ikkinchi oʻrinni egallab turibdi.

Terma jamoamiz sardori va eng zoʻr toʻpurari Eldor Shomurodov A Seriya vakili “Roma” oʻyinchisi hisoblangani bois, Italiya ommaviy axborot vositalari legionerimizning xalqaro miqyosdagi oʻyinlarini ham kuzatib bormoqda.

Eldor Shomurodov va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyiniga oid Italiya nashrlarida e'lon qilingan ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etamiz.

Lorentso Luchani, siamolaroma.it sayti eksperti:
Oʻzbekiston jahon chempionati saralash turnirining toʻrtinchi turida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasini magʻlubiyatga uchratdi. Eldor Shomurodov terma jamoa sardori sifatida ilk daqiqalardan maydonga tushib, toʻliq oʻynadi.

“Roma” hujumchisi jamoadoshlarining gʻalabasiga hissa qoʻshdi va terma jamoasini jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. BAA futbolchilarini 1:0 hisobida enggan oʻzbekistonliklar guruhda peshqadamlik qilmoqda.

LAROMA24.IT:
Oʻzbekiston jahon chempionati saralash turnirida Birlashgan Arab Amirliklari futbolchilarini 1:0 hisobida engib, juda muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi. Otabek Shukurov tomonidan 76-daqiqada penaltidan kiritilgan toʻp uchrashuv taqdirini hal qildi. Eldor Shukurov bu bahsda toʻliq oʻynadi.

VOCEGIALLOROSSA.IT:
Toshkentdagi “Milliy” stadionida oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi jahon chempionati saralash uchrashuvi mezbonlar gʻalabasi bilan yakunlandi.

Eldor Shomurodov toʻliq oʻynaganiga qaramay, terma jamoa safida ham gol urolmadi. Oʻzbeklarga 76-daqiqada Otabek Shukurov tomonidan 11 metrlik belgidan kiritilgan toʻp muhim gʻalaba va qimmatli uch ochkoni keltirdi.

TUTTOMERCATOWEB.COM:
2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo mintaqasi uchinchi saralash bosqichida bir guruhdan joy olgan qoʻshni mamlakatlar – Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻz uchrashuvlarini gʻalaba bilan yakunladi.

Qirgʻizistonliklar oʻz maydonida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi futbolchilari 1:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Oʻzbekistonlik charm toʻp ustalari esa, Toshkentda Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasidan kichik hisobda ustun keldi. Eldor Shomurodov jamoadoshlarini sardor sifatida maydonga boshlab tushdi va uchrashuvda toʻliq oʻynadi.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo mintaqasi saralash turnirida eng kuchli 18 ta mamlakat terma jamoasi uchta guruhga boʻlingan holda mundial yoʻllanmalari uchun kurashmoqda. Har bir guruhdan dastlabki ikki oʻrinni egallagan jamoalar jahon chempionatiga toʻgʻridan toʻgʻri yoʻl oladi. Uchinchi va toʻrtinchi oʻrin sohiblari saralash oʻyinlarini davom ettiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning oʻyini va Oʻzbekistonning muhim gʻalabasi Evropada qanday baholandi?