
Foto: UFA
Osiyoda 2026 yilgi jahon chempionati hal qiluvchi saralash bosqich 4-tur oʻyinlaridan keyin We Global Football portali milliy jamoalarning okean ortidagi turnirga borish imkoniyati foizlarini yangiladi. Oʻzbekistonning bu safargi mundialda ishtirok etish imkoniyati yuqori baholanmoqda.
Unga koʻra, Oʻzbekiston milliy jamoasining 4-turda Birlashgan Arab Amirliklari ustidan qozongan gʻalabasidan (1:0) keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma olish imkoniyati 93,1 foizga koʻtarilgan. Ya'ni, imkoniyat 10 foizdan koʻproqqa oshgan. Bu borada mamlakatimiz milliy jamoasi mundialga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun da'vogarlar orasida Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyadan keyingi 4-oʻrindan joy olgan.

Qayd etish joiz, Oʻzbekiston milliy jamoasining 3-turda Eron bilan durang (0:0) qayd etganidan keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl olish imkoniyati 75,9 foizdan 82,8 foizga koʻtarilgan edi. 2-turda Qirgʻiziston ustidan erishilgan gʻalabadan (3:2) keyin Oʻzbekistonning imkoniyati 70,3 foizdan 75,9 foizga koʻtarilgandi, JCh-2026ga chiqa olmaslik imkoniyati esa 1 foizdan 0,4 foizgacha pasaytirilgan edi.
A guruhidan Eronning JCh-2026ga toʻgʻridan-toʻgʻri borish imkoniyati eng yuqori baholangan – 99,6%. Forslarning imkoniyati avvalgi turdan keyin bir yarim foizga – 98%dan 99,6%ga oʻsgan.
Oʻzbekistonning 5-turdagi raqibi Qatar 4-turda Erondan uchralgan magʻlubiyatidan (1:4) keyin imkoniyatini ancha pasaytirib, da'vogarlar top-10ligini tark etdi.

Osiyo milliy jamoalarining 4-turdan keyin JCh-2026ga borish imkoniyatlari (We Global Football talqini):
1. Yaponiya – 99.99% (3-turdan keyin – 99.9 % edi)
2. Eron – 99.6% (98.0 %)
3. Janubiy Koreya – 99.5% (97.5 %)
4. Oʻzbekiston – 93.1% (82.8 %)
5. Avstraliya – 75.1% (57.8 %)
6. Iroq – 53.4% (61.5 %)
7. Iordaniya – 41.6% (29.0 %)
8. Saudiya Arabistoni – 16.7% (31.2 %)
9. Bahrayn – 7.9% (10.6 %)
10. Ummon – 5.4% (9.4 %).
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston navbatdagi turlarda 14 noyabr kuni Dohada Qatar mehmoni boʻlsa, 19 noyabrda Laosda Shimoliy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. Hozirda davolanish muolajalarini olayotgan jamoamizning sloveniyalik bosh murabbiyi Srechko Katanets ushbu bahslarda ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, JCh-2026 uchun Osiyoga 8,5 oʻrin ajratilgan. Uchta guruhdan 2tadan jamoa toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmaga ega chiqsa, guruhlardagi 3-4-oʻrindagi jamoalar pley-offlar orqali qolgan 2,5ta yoʻllanma uchun kurash olib boradi.
Oʻzbekiston A guruhida Eron bilan bir xil – 10 ochkodan jamgʻarib, qoʻshhokimlik qilmoqda. Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSh, Kanada va Meksikaning 16ta shahrida boʻlib oʻtadi.
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!