
Xabaringiz bor, ertaga, 27 noyabr kuni "Nasaf" Chempionlar Ligasi-2 guruh bosqich 5-turi doirasida "Al Quvayt" klubini qabul qiladi. Bugun o‘yindan avvalgi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va uning birinchi qismida "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdiyev va futbolchi Javohir Siddiqov ishtirok etishdi.
"Assalomu alaykum. Barchaga xayrli kech. Ertangi raqibimiz bilan bir o‘yin o‘tkazdik. Mahoratli o‘yinchilarga ega jamoa. Ular haqidagi ma’lumotlarni yangiladik, yigitlarga yetkazdik. Bu biz uchun o‘ta muhim bellashuv va unga jiddiy yondashamiz", - dedi Ro‘ziqul Berdiyev.
Javohir Siddiqov: "Murabbiyimiz ta’kidlaganidek bizni yaxshi jamoaga qarshi o‘yin kutmoqda. Xudo xohlasa, barcha futbolchilar 100% tayyor. Bizda mavsum yakuniga yetib bormoqda. Shu sababli, o‘z maydonimizda, muxlislar ko‘z o‘ngida o‘zimizning maksimal o‘yinimizni ko‘rsatib, Qashqadaryo ahliga g‘alaba, xursandchilik taqdim etish niyatidamiz".
Ro‘ziqul Berdiyev: "Nazarimda, hamkasbim (Neboysha Yovovich) aytganidek bizning guruhda tengkuchli jamoalar yig‘ilgan. Har bir mamlakatning kuchli vakillari jam bo‘lgan. Har ikki jamoa bir-biriga munosibligi birinchi o‘yinda ham ko‘rindi. O‘ylaymanki, bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik olib bordik. Yigitlar ham uchrashuvning muhimligini, vaziyat jiddiyligini tushunib turibdi. Shuning uchun ertangi o‘yinda biz natija uchun harakat qilamiz. Maydonda bor kuchimizni ishga solib, ushbu jamoadan kuchliligimizni isbotlashimiz kerak bo‘ladi.
Xabaringiz bor, "Quvayt SK" bilan birinchi o‘yin durang natija bilan yakunlangan, o‘sha o‘yinga to‘liq tarkibda bormagandik. Har bir jamoada 10 nafar emas, 20ga yaqin turli futbolchilar bo‘ladi. Mehmonlar safida tajribali, mahoratli turli terma jamoa a’zolari, legonerlar ham bor. Ba’zi o‘yinlarda ular taktik sxemani ham o‘zgartirib turishi mumkin. Shuning uchun biz ko‘proq o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Albatta, raqib o‘yinini bilgan holda".
Javohir Siddiqov: "Ichki chempionatda biz maqsadimizga yetdik. Oxirgi o‘yinlardagi omadsizliklar sababmi, tanqidlar yangrab o‘tdi. Biroq men ishontirib ayta olamanki, ertangi bahsda har bir futbolchi a’lo kayfiyatda harakat qiladi. Sababi biz nafaqat "Nasaf" uchun, balki butun O‘zbekiston nomidan maydonga tushamiz. Boshqa tomondan, ta’kidlaganimdek, biz o‘z maydonimizda, muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz. Avvalgi o‘yinlardagi omadsiz natijalar ta’sir qilmasligiga maksimal darajada harakat qilamiz". “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar