19:40 / 02.12.2024
15

Olimpiya shaharchasi belgilangan muddatda yakunlanmasligi sababli O‘zbekiston mezbonlikdan voz kechgani aytildi

Olimpiya shaharchasi belgilangan muddatda yakunlanmasligi sababli O‘zbekiston mezbonlikdan voz kechgani aytildi
Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi
Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yilgani sababini rasman ma’lum qildi.

Tashkilot xabarida keltirilishicha, O‘zbekiston Toshkent-2025 Olimpiya shaharchasi qurilishini belgilangan muddatda yakunlay olmasligini ma’lum qilib, Osiyo O‘yinlari startiga 9 oy vaqt qolganda mezbonlikdan voz kechgan.

«Bugun, 2 dekabr dushanba kuni OOK Ijroiya qo‘mitasining onlayn yig‘ilishida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi maktub yo‘llagani ma’lum qilindi. Unda Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi qurilishi belgilangan muddatda yakunlanmasligi sababli, 2025 yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘yinlarga mezbonlik qila olmasliklari bildirilgan», - deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda OOK bosh direktori Husayn Al-Musallam 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Senegalda o‘tadigan 2026 yilgi Yoshlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari bilan yosh chegaralari va saralash qoidalari bo‘yicha o‘zaro bog‘liqligi sababli bu o‘yinlarni kechiktirish mumkin emasligini ma’lum qildi.

Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi sport inshootlari, turar joy va tibbiy xizmatlar masalasida 2025 yilgi o‘yinlarga tayyor ekanligini bildirdi. Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Faris Al-Kuheyjiy yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025ga mamlakat rahbariyati, xususan, Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shayx Xolid bin Hamad Al-Xalifa tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

Shu tariqa, Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo O‘yinlarini Bahraynda o‘tkazilishini bir ovozdan ma’qulladi. O‘z o‘rnida tashkilot O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga ushbu yirik musobaqa uchun sarmoya va qilingan xarajatlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston kelgusida yirik musobaqalarga mezbonlik qilish imkoniga ega bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va «Toshkent-2025» Osiyo o‘yinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov Osiyo Olimpiya kengashining bu qaroriga hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Ma’lumot uchun, birinchi yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari 2009 yilda Singapurda, 2013 yilda Nankin (Xitoy), 2017 yilda Xambantotada (Shri-Lanka), o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021 yilda Shantau (Xitoy), 2025 yilda Toshkentda o‘tkazilishi belgilangandi.
Eslatib o‘tamiz, 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlari ham da’vogarlik qilishi rejalashtirilgan edi. Ammo O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirmagandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpiya shaharchasi belgilangan muddatda yakunlanmasligi sababli O‘zbekiston mezbonlikdan voz kechgani aytildi