15:34 / 29.12.2024
49

Yaxshiboyev kiritgan toʻp Qozogʻistonda yilning eng chiroyli goli deb topildi (video)

Yaxshiboyev kiritgan toʻp Qozogʻistonda yilning eng chiroyli goli deb topildi (video)
Qozogʻiston Premer-ligasi 2024 yilgi mavsum yakuniga koʻra, turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar nomini e'lon qildi.

Mavsumni chempion jamoa – “Ordabasi”da oʻtkazgan Jasurbek Yaxshiboyev ham individual sovringa ega boʻldi. Qozogʻiston Premer-ligasi oʻzining rasmiy telegramm kanalida soʻrovnoma oʻtkazib, mavsumning eng chiroyli golini aniqladi.

Soʻrovnomaning yakuniy final bosqichiga ikki futbolchi – “Aktobe” vakili Dorni Romeroning “Jenis” va “Ordabasi” toʻpurari Jasurbek Yaxshiboyevning 21-turda “Astana” darvozasiga urgan goli etib keldi.

Hal qiluvchi tanlovda Jasurbek 82 foiz ovoz bilan Dorni Romeroni (18) ortda qoldirdi.

Jasurbek Yaxshiboyev ijrosidagi mavsumning eng zoʻr golini quyida tomosha qilishingiz mumkin:

Jasurbek Yaxshiboyev mavsum davomida chempionat toʻpurarlar poygasida ishtirok etdi. Chimkentliklar sharafini himoya qilgan legionerimiz Premer-liganing 17 ta oʻyinida ishtirok etib, raqiblar darvozasini 9 marotaba ishgʻol qildi.

Biroq, chempionatning oxirgi qismiga kelib, Jasurbek hakamni turtib yuborgani uchun Tartib-intizom qoʻmitasi tomonidan toʻrtta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va soʻnggi uchrashuvlarni oʻtkazib yuborishiga toʻgʻri keldi. Shu bois, 27 yoshli futbolchimiz toʻpurarlar poygasidan erta chiqib ketdi.

Chimkentliklar safida yana bir legionerimiz – Shahboz Umarov ham oʻynadi. 25 yoshli hujumkor futbolchi 2023 yilgi chempionlik mavsumidan keyin ham “Ordabasi”da qolgan edi. Umarov chempionatda 21 ta uchrashuvda qatnashib, bir juft gol ham urdi.

“Ordabasi” esa, mavsumni toʻrtinchi pogʻonada yakunlab, sovrinlar safidan chetda qolib ketdi va chempionlik unvonini “Qayrat”ga boy berdi.

Garchi Jasurbek Yaxshiboyev va Shahboz Umarov chempionat medallaridan quruq qolgan boʻlsa-da, bu gal chempionlik boshqa legionerimiz – Ibrohimxalil Yoʻldoshevga nasib qildi.

Ibrohimxalil aslida Rossiyaning “Nijniy Novgorod” jamoasiga tegishli va “Qayrat” safida ijarada toʻp tepdi.

23 yoshli qanot himoyachisi qozoq klubida barcha turnirlarda jami 23 ta uchrashuv oʻtkazib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari ikkita gol va toʻrtta assist muallifi boʻldi. Shu tariqa, jamoasining chempionligiga munosib hissa qoʻshdi.

Qozogʻiston Premer-ligasida toʻp tepgan toʻrtinchi futbolchimiz Shohnazar Norbekov boʻldi. 30 yoshli markaziy hujumchi chempionatda “Qaysar” safida 23 ta uchrashuvda harakat qildi, raqiblar darvozasini bir bor ishgʻol qilib, jamoadoshlariga toʻrtta golli pas uzatdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport