“Boʻrilar” Husanovga asosiy tarkibdan joy kafolatladi, boshqalar “qimirlab” qoldi

“Boʻrilar” Husanovga asosiy tarkibdan joy kafolatladi, boshqalar “qimirlab” qoldi
Yevropada qishki transfer bozori ochildi. Tarkibida oʻzgarishga qoʻl urmoqchi boʻlayotgan klublar ancha faollashib qoldi. Yanvarda bozori “qaynaydigan” futbolchilardan biri “Lans”da oʻynayotgan markaziy himoyachimiz Abduqodir Husanov boʻladi.

Eng nufuzli manbalar 20 yoshli iste'dod egasiga Fransiya, Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Turkiyaning oʻndan ziyod klublari jiddiy qiziqish bildirayotgani haqidagi ma'lumotlar tinimsiz e'lon qilinmoqda.

Hatto ayrim klublar hali transfer oynasi ochilmay turib, “Lans”ga aniq taklif bilan murojaat qilgandi. Xususan, Angliya Chempionshipida oʻynayotgan “Lids Yunayted” oʻzbek futbolchisi uchun frantsuzlarga 20 million yevro taklif qildi. Biroq bu taklif klubni ham, Husanovni ham qiziqtirgani yoʻq.

Caught Offside nashriga koʻra, Abduqodir Husanovga Angliyadan yana bir aniq taklif tushdi. Oʻz safida iste'dodli oʻyinchilarni jamlash boʻyicha katta tajriba toʻplagan “Vulverxempton” oʻzbekistonlik himoyachini olish boʻyicha amaliy qadam tashladi.

- Oʻzbekiston terma jamoasi va “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanov faoliyatini Angliya Premyer-ligasida davom ettirish ehtimoli oshib bormoqda. Britaniya klublarining bu oʻyinchiga mavsum boshida boshlangan qiziqishi tobora kuchayib bormoqda.

Qishki transfer oynasining dastlabki kunlarida Husanov uchun kurashda aniq taklif tayyorlagan “Vulverxempton” favoritga aylandi. “Boʻrilar” oʻzbek futbolchisiga asosiy tarkibdan joy va doimiy oʻyin amaliyoti berilishini kafolatladi.

Abduqodirning transferiga “Tottenxem” bosh murabbiyi Ange Postekoglu ham jiddiy qiziqish bildiryapti. “Vulverxempton”ning taklifini har tomonlama qudratli hisoblangan “Manchester Siti” mutasaddilari “urishi” mumkin.

Lekin Abduqodir Husanov manfaatlarini himoya qilayotgan agentlar “shaharliklar”ning himoyachiga oʻyin amaliyotini kafolatlamasligi tufayli bu variantni bugungi kunda istiqbolli, deb hisoblamaydi
, - deb yozmoqda Caught Offside nashri.

“Lans” moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, bir necha yetakchi oʻyinchisini sotib yuborishga majbur boʻlmoqda.

Xususan, ayni paytda Abduqodir Husanovdan tashqari darvozabon Bris Samba, yetakchi himoyachi Kevin Dansoning agentlari ham qishki transferlar davrida oʻz mijozlariga munosib jamoa topish harakatini boshlab yuborgan.

“Lans” byudjetida 44 million yevro miqdorida kamomad yuzaga kelgan. Bu muammoning kelib chiqishiga yozda Kevin Dansoning “Roma”ga va Nil El-Aynauining “Monako”ga rejalashtirilgan transferi barbod boʻlgani sabab boʻldi.

Klub feyr-pley qoidalarini buzmasligi uchun yetakchi oʻyinchilari transferidan byudjetga tushum qilishi kerak. Bu borada eng qimmat aktiv Abduqodir Husanov hisoblanadi. Lansliklar 100 ming yevroga olingan oʻzbek futbolchisi transferidan 30 million yevro atrofida mablagʻ ishlab olishni koʻzlamoqda.

Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsum “Lans” safida barcha turnirlarda 16 marotaba maydonga tushib, bitta assist qayd etdi. Legionerimiz hisobida bitta qizil va ikkita sariq kartochka ham bor.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar