09:48 / 05.02.2025
339

Nikolich Abbosbek Fayzullayevni xatosi uchun tanqid qildi!

Nikolich Abbosbek Fayzullayevni xatosi uchun tanqid qildi!
Rossiya Premer-ligasida ishtirok etayotgan SSKA mavsumning ikkinchi yarmiga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda. Tayyorgarlik bosqichi doirasida “armiyachilar” Rossiya Premer-ligasining qishki kubogi musobaqasi doirasida mamlakatning eng kuchli klubi “Zenit” bilan kuch sinashdi.

Abu-Dabida tashkil etilgan uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi. Piterliklar oʻyinning soʻnggi daqiqasida Abbosbek Fayzullayevning xatosi natijasida hisobni tenglashtirdi. Gʻolib penaltilar seriyasida aniqlandi. Abbosbek 11 metrlik nuqtadan gol ura olmadi.

21 yoshli hujumkor futbolchimiz tayyorgarlik jarayoni jamoadagi oʻzgarishlar, oʻzining yangi vazifasi, SSKAning joriy mavsumdagi maqsadlari haqida gapirdi.

- Qishki oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari doim qiyin oʻtadi, chunki yuklamalar koʻp, mashgʻulotlar juda murakkab. Biz chempionatga tayyorgarlik koʻryapmiz. Tayyorgarlik juda yaxshi ketyapti, deb oʻylayman.

Biz yangi oʻyin sxemasiga oʻtdik va hozir uni oʻzlashtirishga e'tibor qaratganmiz, unga koʻnikish uchun biroz vaqt talab etiladi. Yangi sxema boʻyicha biz toʻpga koʻproq egalik qilamiz.

Pozitsiyam oʻzgardi. Ilgari men bu darajada maydon ichkarisidan hujum qilmaganman. Bu usulda ilgari Oʻzbekiston terma jamoasida oʻynab koʻrgan edim.

Oʻyinda borimni berishga harakat qilaman, ayni paytda murabbiy meni 8-raqam pozitsiyasida oʻynatyapti. Bolaligimdan 10-raqam oʻrnida oʻynab kelganman va bu joyda oʻzimni ancha qulay his qilardim. Hozir oʻzimning yangi qirralarimni kashf qilyapman, deyishim mumkin. Vaqt berilsa, hujum sxemasida bu pozitsiyada ham samarali oʻynashni oʻrganib olaman.

Oʻylashimcha, tayyorgarlik yigʻinlaridan keyin yaxshi oʻynay boshlaymiz va chempionatda kuchli uchlikdan joy olishni uddalaymiz. Oʻzimiz ham sovrinli oʻrinlarni egallashni istaymiz. Bahorda syurpriz qila olamiz. Ikki yil oldin ham jamoa qishda 5-6-oʻrinda boʻlgan va chempionatni ikkinchi oʻrinda yakunlagan. Hamma narsaning imkoni bor, - dedi Abbosbek Fayzullayev.

Ta'kidlash joizki, SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich Abbosbek Fayzullayevning “Zenit” bilan oʻyinning soʻnggi soniyalarida xatoga yoʻl qoʻyib, hisobning tenglashishiga sababchi boʻlganini bee'tibor qoldirmadi va legionerimizni tanqid qildi.

- “Zenit” bilan oʻyinimiz juda ogʻir oʻtdi. Tomoshabinlar uchun biroz zerikarli oʻyin boʻlishi mumkin, lekin menga jamoaning ishtiyoqi yoqdi. Maydonda kurash va qoida buzishlar koʻp boʻldi. Agar hamma hozirdan yengil harakat qilganida bu gʻalati tuyulardi. Chunki chempionat tiklanishiga hali bir oy vaqt bor.

Menga oxirgi pallada gol oʻtkazib yuborganimiz umuman yoqmadi. Abbosbek uch soniyaga toʻpni yoʻqotdi. Futbolda hammasini mana shunaqa mayda narsalar hal qiladi, - dedi Marko Nikolich.

SSKA chempionatning birinchi qismida 18 ta uchrashuvda 31 ochko jamgʻarib, musobaqa jadvalining oltinchi pogʻonasida bormoqda.

Abbosbek Fayzullayevning oʻzi joriy mavsumda barcha turnirlarda 23 ta uchrashuv oʻtkazib, uchta gol va oltita assist muallifi boʻldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport