
Tajribali murabbiy Klaudio Raneri “Roma”ni qabul qilib olganidan keyin jamoa oʻyinida ijobiy oʻzgarishlar yasay olgani natijalarda oʻz aksini topmoqda.
A Seriyada “Roma”da yangi yilda hali magʻlubiyatga uchragani yoʻq. Soʻnggi magʻlubiyat 15 dekabr kuni “Komo”dan qabul qilib olingan edi. Shundan beri rimliklar oltita gʻalaba va uchta durang qayd etdi.
“Milan” hamda “Napoli” kabi qudratli klublar ham “Roma”ni engish yoʻlini topolmadi va ochko boʻlishishga majbur boʻldi.
25-turda poytaxtlik “boʻrilar” safarda “Parma” jamoasi mehmoni boʻldi. Bu bahsda Klaudio Raneri oldingi chiziqni Eldor Shomurodov va Matias Sulega topshirdi. Ikkala hujumchi ham mezbon himoyachilarni ancha qiynadi.
Bellashuvning kulminatsion nuqtasi 31-daqiqaga toʻgʻri keldi. Eldor Shomurodov bir pas bilan Matias Suleni juda qulay pozitsiyaga chiqardi. Argentinalik hujumchi darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqib borayotganida “Parma” himoyachisi Jovanni Leoni uni chalib yiqitdi.
Hakam bu vaziyatda Leoniga qizil kartochka koʻrsatib, “Parma” darvozasiga jarima toʻpi belgiladi. Sulening oʻzi ajoyib va aniq zarba yoʻlladi. Bu gol uchrashuv oxiriga qadar yagonaligicha qoldi.
Eldor Shomurodov toʻliq oʻynagan uchrashuvda juda faol va yaxshi harakat qildi. Biroq legionerimiz birinchi boʻlimda sirpanchiq maydonda bir necha bor oyogʻi toyib yiqildi. Ana shunday vaziyatlarning birida Klaudio Raneri shogirdiga hazil qildi.
Raneri zahira oʻrindigʻidagi oʻyinchilar va xodimlarga qarata: “Eldorning butsasi tagiga sirpanchiq mum surtib qoʻyganmisizlar?”, deb hazillashdi.
Ta'kidlash lozimki, qishki sport turlarida changʻi yaxshi sirpanishi uchun uning ostiga maxsus mum bilan ishlov beriladi. Raneri Eldorning yiqilib tushganiga shu tariqa izoh berdi.
Bu voqeaga guvoh boʻlgan ekspertlar “Roma”ning ichki muhiti juda yaxshi ekanini, Klaudio Raneri futbolchilar bilan doʻstona aloqa oʻrnata olgani, murakkab vaziyatlarda ham oʻzaro munosabatlar ijobiyligi va bu natijalarga yaxshi tarafdan ta'sir qilayotganini ta'kidlamoqda.
“Roma” hozircha A Seriyada 37 ochko bilan 9-oʻringa koʻtarilib oldi. Raneri shogirdlarida Evrokuboklarga yoʻllanma beradigan oltinchi pogʻona uchun kurashish imkoniyati saqlanib qolgan.
Biroq rimliklar asosiy e'tiborini Evropa Ligasiga qaratgani sir emas. “Boʻrilar” umumiy bosqichdan oʻtib, pley-offning oʻtish oʻyinida “Portu”ga roʻbaroʻ keldi.
Portugaliyadagi birinchi uchrashuvda “Roma” 1:1 hisobida durang oʻynadi. Endi jamoalar Rimdagi javob oʻyinida keyingi bosqich masalasini hal qilishi lozim. Bu bahs 20 fevralga belgilangan.
Eldor Shomurodov haqida toʻxtalsak, hamyurtimiz joriy mavsum A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 21 marotaba maydonga tushib, bu musobaqalarning har birida bittadan gol urgan va bir bor golli pas uzatgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar