
“Manchester Siti” futbolchilari ham, muxlislari ham fevral oyini tezroq unutishni xohlaydi. Chunki yilning eng qisqa oyida “shaharliklar” Premer-liganing ikki qudratli klubi – “Arsenal” (1:5) va “Liverpul”dan (0:2) qaqshatqich zarbaga uchradi.
Evropa Chempionlar ligasining pley-offida “Real” bilan ikki bor toʻqnashib, har ikki bahsda 2:3, 1:3 hisobida magʻlubiyatga uchradi.
Buyuk Britaniyadagi nufuzli manba – manchestereveningnews.co.uk portali eksperti Olli Jons “shaharliklar”ning fevraldagi natija va koʻrsatkichlarini tahlil qilar ekan muvaffaqiyatsizliklarga burkangan soʻnggi oʻyinlarda “Manchester Siti”dagi yagona yorqin voqealik jamoada Abduqodir Husanovning paydo boʻlishi bilan bogʻliq ekanini ta'kidladi.
- “Manchester Siti”ning oxirgi paytdagi nursiz natijalari fonida yagona ijobiy holat Abduqodir Husanovning jamoada porlay boshlagani boʻldi. “Chelsi” bilan oʻyinda yuz bergan koʻngilsiz debyutdan keyin oʻzbek futbolchisi jangovar xarakterini namoyish qilib, oʻzini oʻnglab oldi va yuqori saviyali oʻyin koʻrsatmoqda.
“Manchester Siti”da paydo boʻlish va Xosep Gvardiola talablariga moslashish hali hech kimga oson boʻlmagan. Hatto “Oltin toʻp” sohibi boʻlgan Rodri ham jamoaga yangi kelganida koʻnikishi uchun bir mavsum kerak boʻlgan.
Biroq, “shaharliklar” jamoasida davom etayotgan inqiroz Husanovga bamaylixotir moslashish fursatini bergani yoʻq.
“Lans”dan 33,5 million funt sterling evaziga olib kelingan Abduqodir Manchesterga kelishi bilan kuchli jamoalar va Koul Palmer, Aleksandr Isaak, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Rodrigo, Muhammad Saloh kabi yuqori darajadagi futbol yulduzlariga qarshi jang qilishiga toʻgʻri keldi.
Bu holat nafaqat 20 yoshli himoyachi, balki jahon futbolida yuqori darajada oʻynab yurgan har qanday futbolchi uchun ham katta sinov edi. Ayniqsa, Husanovning “Siti”ga kelgunga qadar Evropaning eng kuchli besh ligasidan birida atigi 31 ta uchrashuvda ishtirok etganini inobatga olsak, u qanday bosimni engib oʻtishiga toʻgʻri kelganini his qilishimiz mumkin.
Debyutdagi xatodan keyin Xosep Gvardiola jamoadagi jarohatlar koʻpligiga qaramay, Husanovni hali oʻyinlarga qoʻyishga erta ekan, degan xulosaga kelishi, uni zahira variantiga aylantirishga qaror qilishi ham mumkin edi. Biroq ispaniyalik mutaxassis boshqa yoʻlni tanladi va oʻzbek futbolchisini mavsumning eng qiyin pallasida darrov asosiy tarkib oʻyinchisiga aylantirdi.
Yosh oʻzbek himoyachisining murabbiy bildirgan ishonchga javobi yanada yorqin chiqdi. U “Nyukasl” 4:0 hisobida yanchib tashlangan uchrashuvda yuqori sport formasida boʻlgan raqib yulduzi Aleksander Isaakka oʻyin bermadi. Keyin Madridda oʻtkazilgan Evropa Chempionlar ligasining amaldagi gʻolibi “Real”ga qarshi bahsda juda yaxshi oʻynadi.
Premer-liga peshqadami “Liverpul” bilan toʻqnashuvda jamoadoshi Jeremi Doku bilan birga “Manchester Siti”ning eng yaxshi oʻyinchisi boʻldi. Bu bahsda Husanov bir necha koʻrsatkichlar boʻyicha eng yaxshi natija qayd etdi, jamoasini xavfli vaziyatlarda qutqarib qoldi, jamoadoshlarining joniga oro kirdi.
“Etixad”dagi hayoti va faoliyati oson boshlangani yoʻq. Lekin Husanov murakkab jarayonlarda oʻz xarakterini koʻrsata oldi. Xosep Gvardiolaning Abduqodir borasida tavakkalga qoʻl urgani qisqa muddatda oʻzini toʻliq oqladi, - deb yozmoqda manchestereveningnews.co.uk portali eksperti Olli Jons.
Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ga kelganidan beri Premer-liga, Angliya kubogi va Evropa Chempionlar ligasida jami beshta uchrashuvda ishtirok etib, oʻz hisobiga bitta gol yozdirib qoʻydi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar