
"Al Hilol" bosh murabbiyi Jorje Jezus va himoyachi Kalidu Kulibali Elit Osiyo Chempionlar Ligasi nimchorak finalidan o‘rin olgan "Paxtakor"ga qarshi bahs oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Biz ushbu musobaqaning final bahsida o‘ynashni maqsad qilganmiz. Ertaga jiddiy raqibga qarshi o‘yin kutib turibdi. Biz guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlay oldik. Guruh bosqichida kuchli jamoalar bilan to‘qnash keldik. Masalan, o‘tgan mavsum g‘olibi "Al Ayn". Biz "Paxtakor"ni hurmat qilamiz va ertaga qiyin uchrashuv bo‘lishini bilamiz, ammo ertaga biz ustunlik qilishni ko‘zlayapmiz. O‘zimiz maqsad qilgan natija bilan Riyodga qaytib ketishimiz kerak" - dedi Jorje Jezus.
"Ertaga ancha muhim o‘yin kutmoqda. Guruh bosqichini yakunlab oldik, endi esa pley-off bahslari. Biz kam gol o‘tkazib yuboradigan jiddiy raqib bilan to‘qnash kelamiz. Buyog‘iga safarda va uyda o‘yinlar o‘tkazamiz. Ertaga g‘alaba qozonishni va o‘z muxlislarimizni xursand qilishni maqsad qilganmiz. Bizni musobaqa yetakchilaridan biri deb ta’kidlashmoqda. Ushbu gap-so‘zlar haqiqat ekanligini isbotlashimiz kerak. Riyodga ijobiy natija bilan qaytishimiz kerak" - deya fikr bildirdi Kalidu Kulibali.
- Janob bosh murabbiy, siz bir yarim yil avval ham O‘zbekistonga, aniqrog‘i Namanganga kelgan edingiz. "Navbahor"ga qarshi kechgan o‘sha bahsdan so‘ng o‘zbek klublari ancha raqobatbardosh ekanligini aytib o‘tgandingiz. Ertaga "Paxtakor"dan nimalar kutmoqdasiz? "Paxtakor" guruh bosqichida bor-yo‘g‘i bir marotaba g‘alaba qozondi va u ham bo‘lsa so‘nggi turda...
- "Navbahor"ga qarshi o‘yin va ertangi bahs o‘rtasida farqlar ko‘p. "Paxtakor" portugaliyalik bosh murabbiy qo‘l ostida va ancha yaxshi shakllangan jamoa. Bir yarim yil avvalgi va ertangi bahsni solishtirish noto‘g‘ri. Ertangi qiyin bahsga qaramay, men ertaga jamoamdan ijobiy natija kutaman.
Kalidu Kulibaliga savol
- "Al Hilol" bir yarim yil avval "Navbahor"ga qarshi o‘yin o‘tkazish uchun kelganda, jamoadoshingiz Salim Al-Davsari O‘zbekistondagi sovuq ob-havo haqida o‘z ijtimoiy tarmoqlaridan birida post qoldirgan edi. Hozirgi havo esa so‘nggi safaringizdagingdan ham sovuqroq. Ushbu jihat "Al Hilol" jamoasining o‘yiniga salbiy ta’sir qilmaydimi?
- Ha, ob-havo biz uchun biroz noqulay bo‘ladi. Qor va sovuqda o‘ynash oson emas, ammo biz ertaga g‘alaba qozonishni istasak, barchasiga tayyor bo‘lishimiz kerak. Sharoitlar kutgandek yengil emas, lekin biz barchasiga tayyormiz. Ob-havo va maydon holati ikki jamoa uchun ham bir xil bo‘ladi. Avvalroq aytganimdek, asosiy maqsadimiz o‘z muxlislarimizni g‘alaba bilan xursand qilish. Biz ko‘proq o‘yin haqida o‘ylashimiz kerak deb o‘ylayman.
- "Al Hilol" jamoasining 6ta asosiy futbolchilari ertangi bahsni o‘tkazib yuborar ekan. Ushbu yo‘qotishlar jamoangiz o‘yiniga ta’sir o‘tkazmaydimi?
- Ha, biz har uch kunda o‘ynayapmiz. Bunday tig‘iz taqvimda harakatlanish oson bo‘lmayapti. Tabiiyki, jarohatlar kuzatiladi. Biz bir nechta futbolchilarimizni yo‘qotdik. Bunday qisqa vaqt ichida futbol o‘ynash, futbolchilarning jismoniy holatiga ta’sir qiladi. Ertaga maydonga tusha oladigan futbolchilar o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etishi kerak. Ularga katta mas’uliyat yuklatilgan.
- "Al Hilol" ertaga katta ehtimol bilan birinchi raqam bo‘lib o‘ynaydi. "Paxtakor" esa ko‘proq himoyalanishga va tartibli futbol namoyish etishga intiladi. "Paxtakor"ning zich himoyasini yorib o‘tish haqida o‘ylab ko‘rdingizmi? Raqib ertaga himoyalanishni boshlasa, ushbu holatda qanday qaror qabul qilasiz?
- Bilasizmi, o‘yin davomida har narsa ro‘y berishi mumkin. Shu sababli, biz raqibni to‘liq o‘rganib chiqishimiz kerak. Ertaga biz ko‘proq vaziyatlar yaratishga intilsak kerak. Bizning tarkibdagi futbolchilar mahoratliroqligi sababli bunday holat kuzatilishi mumkin, ammo bu futbol va o‘yin davomida har narsa bo‘lishi mumkin.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar