07:50 / 07.03.2025
51 676

Raneri g‘alaba golini urgan Shomurodov haqida nimalar dedi?

Raneri g‘alaba golini urgan Shomurodov haqida nimalar dedi?
O‘tgan yili Eldor Shomurodov bilan birga “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolganidan keyin Klaudio Raneri nafaqaga chiqib ketgan edi. Biroq qadrdon jamoasi “Roma”ning qiyin ahvolga tushib qolganini hazm qila olmagan 73 yoshli mutaxassis yana bosh murabbiylik faoliyatiga qaytdi.

Raneri qisqa fursatda “Roma”ni kuchli jamoaga aylantira oldi. Tajribali mutaxassis avvalgi murabbiylar ishonch bildirmagan o‘yinchilardan ham unumli foydalanmoqda. “Bo‘rilar” uning qo‘l ostida yengilmas jamoaga aylanib bormoqda.

“Roma” 2025 yilda birorta uchrashuvni boy bergani yo‘q. Buning samarasi o‘laroq, poytaxtliklar A Seriyada yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda. Xalqaro miqyosda Yevropa ligasi bosh sovrini uchun da’vogarlik qilyapti.

Yevropa ligasi nimchorak final birinchi uchrashuvida rimliklar Bilbaoning “Atletik” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Keskin va murosasiz o‘tgan bellashuvda Anjelino va Eldor Shomurodov tomonidan kiritilgan to‘plar rimliklarga muhim g‘alaba keltirdi.

Bellashuvdan keyin Klaudio Raneri o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi va uchrashuv qahramoni Eldor Shomurodovning o‘yinini ham baholadi.

- Asosiy g‘oya – o‘yindan oldin uni qanday o‘tkazish bo‘yicha ko‘proq variantlarga ega bo‘lishdan iborat. Siz voqealar rivojining ijobiy va salbiy tomonga og‘ishini inobatga olish, maydondagi yigitlarga yordam berishga tayyor bo‘lishingiz lozim.

Bu juda qiyin uchrashuv bo‘ldi. Javob o‘yini ham xuddi shu tarzda kechadi. Biz raqibning kuchini yaxshi bilamiz. Shu bilan birga o‘zimiz nimalarga qodirligimizni unutmaymiz. Har bir to‘p uchun oxirigacha kurashamiz. Javob o‘yini oldidan har ikki jamoaning imkoniyati teng.

Bosh murabbiy uchun eng muhim narsa – o‘z o‘yinchilarida ishonchni uyg‘otish, deb o‘ylayman. Hamma xato qiladi, murabbiy ham, o‘yinchilar ham. Buning oqibatida futbolchilarda o‘ziga bo‘lgan ishonch susayadi. Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Shogirdlarim kamchiliklarini bartaraf etib, xotirjam o‘ynashi va jamoaga yordam berishi lozim. Men ularga xatolarni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsataman, birgalikda muammolar yechimini izlaymiz.

Biz shu yo‘ldan ketishda davom etamiz. Siz yutishingiz ham, yutqazishingiz ham mumkin. Lekin jamoa har qanday holatda oxirigacha kurashishi shart. Mening falsafam shunaqa. Odam o‘zi amalga oshirayotgan ish ijobiy samara berishiga ishonishi va bor kuchi bilan harakat qilishi kerak. Keyin natija chiqadi.

Oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. “Atletik” bilan bo‘lgan bahsda Eldor Shomurodov ilk daqiqalardan o‘ynaganida balki umuman gol urolmagan bo‘lardi. Balki hamma kiritilgan to‘plar muallifiga aylanardi. Shunday bo‘ladi, deb kim oldindan aytib bera oladi?

Sabr-toqat bilan hamma narsaga erishish mumkin.

Eldor Shomurodov gol urgan vaziyatda hamma offsayd qidirdi. Lekin biz zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, bunday emasligini ko‘rib, bilib turgandik, - dedi Klaudio Raneri.

Ta’kidlash joizki, “Roma” bu g‘alabadan keyin navbatdagi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qildi. Endi 13 martga belgilangan javob uchrashuviga “Atletik” mezbonlik qiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport