
"Roma”ni inqirozdan qutqarish uchun nafaqat yana murabbiylik kursisiga qaytgan Klaudio Raneri yuqori saviyali mutaxassis ekanini amalda isbotlab kelmoqda.
Joze Mourino davrida oltinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan jamoani qabul qilib olgan klub afsonasi Daniele De Rossi ham, A Seriyadagi muvaffaqiyatli faoliyati bilan ko‘zga tashlangan Ivan Yurich ham “Roma”ning ishlarini o‘nglay olmagan edi.
Oxirgi ikki murabbiy davrida “bo‘rilar” joriy mavsumning o‘zida musobaqa jadvalida autsayderlar qatoriga yaqinlashib qolgandi. Jamoaning Yevropa ligasida umumiy bosqichdan chiqish imkoniyatlari juda past baholanayotgan edi. Eng yomoni, o‘yinchilar o‘ziga va bir biriga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgandi.
Klaudio Raneri poytaxt jamoasini qabul qilib olishi bilan ichki muhitni sog‘lomlashtirdi. Avvalgi murabbiylar davrida zahiraga mixlangan bir necha o‘yinchilarga o‘zini ko‘rsatish imkonini berdi. Natijada “Roma”da ichki raqobat qayta paydo bo‘ldi. Matias Sule, Eldor Shomurodov, Lorenso Pellegrini, Mats Xummels kabi o‘yinchilar yana porlay boshladi.
Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari Eldor Shomurodov “Roma”da kerakmas o‘yinchidan qahramonga aylandi. 29 yoshli forvardimiz nafaqat Artyom Dovbikka o‘rinbosar bo‘la olishini, balki qimmatbaho hujumchi bilan raqobatlasha olishini ham ko‘rsatib kelmoqda.
Klaudio Raneri kelganidan keyin Eldor Shomurodovning o‘yin vaqti keskin oshdi. Legionerimiz bir necha marotaba uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda boshladi. Eldor ayrim jihatlar, xususan, jamoa hujumkorligini oshirish, jamoaviy o‘yin, Paulo Dibala va Matias Sule kabi yetakchi o‘yinchilar bilan hamkorlikda bahamjihat harakat qilishda raqobatchisi Artyom Dovbikdan ustun ekanini namoyish qildi.
Eldorning yagona kamchiligi ko‘p gol ura olmayotgani bo‘lib turibdi. Biroq hamyurtimizning boshqa ustunliklari bu kamchilikni yopib yubormoqda. Bosh murabbiy Klaudio Raneridan tortib, uning shtabidagi mutaxassislar, jamoadagi futbolchilar va hatto muxlislar ham buni to‘g‘ri qabul qilmoqda.
Xususan, “Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bosh murabbiy Klaudio Raneridan o‘zbek futbolchisining ikkita qulay vaziyatni boy berganiga munosabat so‘radi. 73 yoshli mutaxassis bunga quyidagicha fikr bildirdi.
- Shomurodov ajoyib yigit. Gol urolmaganidan siqildi. Men unga eng muhimi – zarur paytda, kerakli joyda paydo bo‘lish ekanini tushuntirdim. Gollar uriladigan va o‘tkaziladigan narsa xolos. Eldor bizga bir necha uchrashuvlar taqdirini hal qilib berdi.
Shomurodovga mening yoshim katta ekanini, butun uchrashuv davomida meni bosim ostida ushlab turmasligini aytib, bu yoshda meni ko‘p ham hayajonlantirmasligini so‘radim, - dedi Klaudio Raneri.
Endi rimliklar Yevropa ligasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘radi. Raneri shogirdlari 13 mart kuni nimchorak final javob o‘yinida “Atletik Bilbao” mehmoni bo‘ladi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi bellashuvda Eldor Shomurodovning so‘nggi soniyada kiritgan goli “Roma”ning 2:1 hisobdagi ustunligini ta’minlab turibdi.
Eldor Shomurodov joriy mavsumda 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va uchta samarali pas yozdirib qo‘ygan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar