11:42 / 15.03.2025
32

Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni tarkibga qo‘ymagani katta xatoga aylandi!

Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni tarkibga qo‘ymagani katta xatoga aylandi!
"Roma" Yevropa Ligasining nimchorak finalida ishtirokini yakunladi. Rimliklar bu bosqichda Ispaniyaning kuchli jamoalaridan biri – "Atletik Bilbao"ga qarshi bahs olib bordi. Birinchi uchrashuvda Eldor Shomurodovning goli yordamida 2:1 hisobida zafar quchgan "bo‘rilar" revansh o‘yinida 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.

Xummelsning qizil kartochkasi hal qiluvchi omilga aylandi

Rimliklarning mag‘lubiyatida asosiy sabab sifatida jamoaning markaziy himoyachisi Mats Xummelsning 11-daqiqada qizil kartochka olib, jamoani bir kishi kam qoldirgani ta’kidlanmoqda. Bu nafaqat jamoaning umumiy taktik rejasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, balki futbolchilarning ruhiyatiga ham jiddiy zarba berdi. Italyan futbol ekspertlari "Roma"ning bu o‘yinini tahlil qilayotganida, murabbiy Klaudio Ranerining tarkib tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygani haqida ham ko‘p gapirildi.

Mutaxassislar fikri: Eldor Shomurodov asosiy tarkibda bo‘lishi kerak edi

Bir qator mashhur italiyalik futbol tahlilchilari va mutaxassislari "Roma"ning bu mag‘lubiyatini to‘liq tahlil qilib, jamoaning taktik xatolarini tilga olishdi.

Roberto Prutsso:
"Fol bo‘lgan vaziyatda darhol gol uriladi, degan qoida yo‘q. Ammo "Roma" birinchi bo‘limda aslida to‘qqiz kishi bo‘lib o‘ynadi. Xummels maydondan chetlashtirilgan bo‘lsa, Artyom Dovbik maydonda umuman ko‘rinmadi. U hujumchi sifatida jamoaga hech qanday foyda keltira olmadi. Endi uning kelajagi jiddiy tahlil qilinadi."

Franchesko Kazano:
"Birinchi o‘yinda ko‘proq gol ura olmaganimizdan afsusdaman. "Roma"ning musobaqadagi imkoniyatlari juda yuqori edi, lekin Xummelsning xatosi tufayli jamoa hatto chorak finalga chiqolmadi. Hozirgi paytda jamoa milliy chempionatda kamida Yevropa Ligasining keyingi mavsumi uchun yo‘llanma olishga e’tibor qaratishi lozim."

Mario Mattioli:
"Bu uchrashuvda Eldor Shomurodov asosiy tarkibda o‘ynashi kerak edi. Klaudio Raneri katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Jamoa to‘g‘ri qaror qabul qila olmagani uchun mag‘lubiyatga uchradi."

Titsiano Moroni:
"Xummelsning maydondan chetlatilishi adolatli qaror, ammo bu "Roma"ning o‘yiniga juda katta ta’sir ko‘rsatdi."

Fabio Petrutssi:
"Chetlatish va tanaffusga 20 soniya qolganda urilgan gol "Roma"ni ruhan sindirdi. Bu mag‘lubiyatning asosiy sababi shunda."

Andrea Di Karo:
"Agar "Roma" to‘liq tarkibda o‘ynaganida va birinchi bo‘limda hisob ochilmaganida, bu bosqichdan o‘tish mumkin edi. Biroq Xummelsning xatosi barcha rejalarni buzib tashladi."

Shomurodovning rivoji va Dovbik bilan raqobat

"Roma" o‘tgan yozda Ispaniya chempionatida eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lgan Artyom Dovbikni katta mablag‘ evaziga sotib olgandi. Klub rahbariyati bu orqali hujum chizig‘idagi muammolarni hal qilishni maqsad qilgan edi. Ammo mavsumni yaxshi boshlagan ukrainalik hujumchi keyingi paytlarda kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmayapti.

Shu bilan birga, Eldor Shomurodov "Roma"ga 2021 yilda kelganidan beri klubda to‘liq ishonch qozonmagandi. Biroq murabbiy Klaudio Raneri qo‘l ostida uning o‘yini ochila boshladi. Endi Eldor Dovbikning o‘rinbosari emas, balki uning haqiqiy raqobatchisiga aylandi.

Italiyalik mutaxassislar Shomurodovni yuqori baholamoqda

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Shomurodov jamoada muhim rol o‘ynamoqda. U faqat gollar soni bo‘yicha Dovbikdan ortda qolmoqda, ammo jamoaga ta’sir qilish va taktik jihatdan samaradorlik borasida ancha yuqori darajada ekani ta’kidlanmoqda. Haqiqatan ham, Shomurodov Matias Sule, Tommazo Baldansi, Paulo Dibala va Nikolo Pizilli bilan juda samarali o‘yin namoyish etmoqda.

"Roma" Yevropa Ligasini tark etgan bo‘lsa-da, bu mag‘lubiyat jamoa uchun jiddiy xulosalar chiqarishga turtki bo‘lishi kerak. Klaudio Raneri tarkib tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygani, ayniqsa, Eldor Shomurodov asosiy tarkibda bo‘lishi kerakligi haqida mutaxassislar yakdil fikr bildirmoqda. Klub keyingi mavsum Yevropa musobaqalariga qaytish uchun milliy chempionatda o‘z imkoniyatlarini saqlab qolishi zarur.

Eldor Shomurodov esa o‘zini yana bir bor yuqori saviyada ko‘rsatib, "Roma"dagi asosiy hujumchi maqomini qo‘lga kiritish uchun katta imkoniyatga ega.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport