06:35 / 25.03.2025
4 113

Ja’far Irismetov: "Tehrondan katta natija kutyapmiz"

Ja’far Irismetov: "Tehrondan katta natija kutyapmiz"
Hammamizning e’tiborimiz shubhasiz Tehronga qaratilgan. Bugun milliy terma jamoamiz “JCH-2026” saralashi yo‘lidagi muhim uchrashuvlardan birida maydonga tushadi. Guruhning ikki yetakchisi o‘rtasidagi uchrashuvga qiziqish har qachongidan yuqori darajada.

Eron bilan o‘yinlarimiz hamisha e’tibor markazida bo‘lgan va undagi natijalarni yaxshi bilamiz.

Mutaxassislarimiz o‘yin oldidan o‘z fikrlarinii bildirib o‘tishmoqda. Bu borada Ja’far Irismetov ham quyidagicha munosabat bildirdi:

“Durangga o‘ynaymiz deb ayta olmayman”

"Albatta, Tehrondagi o‘yindan juda katta natija kutyapmiz. Biz durangga o‘ynaymiz, deb ayta olmayman. Chunki Eron maydonida g‘alaba qozongan paytimiz bo‘lgan. Baqoyevning goli evaziga yutib ketganmiz. Hozirgi paytda terma jamoamiz yaxshi shakllangan. Lekin menimcha bosim kuchli bo‘ladi. O‘z futbolchilarimizga ishonamiz. Xudo xohlasa, jamoamiz yaxshi natija bilan qaytadi, deb umid qilamiz".

“Eronda bosim kuchli bo‘lmaydi”

"Menimcha, Eronda bosim kuchli bo‘lmaydi. Har xil vaziyatlarni ham hisobga olishimiz kerak. Agar ular yutishsa jahon chempionatiga chiqadi. O‘z muxlislari qarshisida eronliklar katta bosim bilan o‘ynashmaydi. Bizda bosim bo‘lishi ma’lum. Agar Xudo ko‘rsatmasin biz uchun natija yaxshi bo‘lmasa, narigi juftliklarda natijalar boshqacha tus olsa, bizda bosim kuchli bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ularda 13 ochko, bizda 16 qoladi. Undan keyingi uchrashuvlarda Qatar, BAA kabi termalarga qarshi qiyin o‘yinlar kutib turibdi".

“Jamoaviy va tartibli o‘yin evaziga natijaga erisha olamiz”

"Eron har doim kuchli bo‘lgan. Oldingisiga nisbatan kuchli deb ayta olmayman. Baribir ular o‘z uyida kuchliroq o‘ynaydi. Misol uchun, ular har qanday holatda natijaga qarab o‘yinini kuchaytira oladi. Shuning uchun Eron juda xavfli. Nimani evaziga yutishimiz mumkin? Jamoaviy o‘yin. Kapadze qanday taktika tanlaydi? Muhimi, murabbiyni ko‘rsatmalarini bajarib, tartibli o‘yin, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq evaziga menimcha natijaga erisha olamiz".

“Bunday imkoniyat boshqa bo‘lmaydi”

"Bu o‘yinda asosiy kuchimiz birligimizda. Hammamiz bilamiz, bunday imkoniyat boshqa bo‘lmaydi. Shuni hisobga olgan holda hammamiz birlashib, jamoaviy o‘yin ko‘rsata olsak, natijaga erishamiz".
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov: "Tehrondan katta natija kutyapmiz"