
Xabaringiz bor, joriy mavsum "Navbahor" tarkibiga bir qator xorijlik futbolchilar qo‘shildi. Ular orasida braziliyalik 25 yoshli himoyachi Gilerme Gedesh ham bor. Superliganing 3-turidan o‘rin olgan "Navbahor" – "Andijon" uchrashuvi arafasida Gedesh klub matbuot xizmati uchun intervyu berdi.
- Gilerme, suhbatimizni jamoamiz tarkibiga qo‘shilishingiz qay tarzda yuz berganligi borasidagi savol bilan boshlasak. Sizni "Navbahor"ga kim taklif etdi?
- Agentim menga Braziliyadan tashqarida o‘ynash uchun imkoniyat qidirayotgandi, boisi, muhitni o‘zgartirishni istayotgandim. Keyin "Navbahor" varianti paydo bo‘ldi va bu menga yoqdi. Natijada "Navbahor" safiga qo‘shildim.
- "Navbahor"ga taklif bo‘lishidan oldin yurtimiz futboli haqida taassurotga egamidingiz?
- To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston futboli haqida kam ma’lumotga ega edim. Jamoangizdan taklif bo‘lishi bilan mamlakatingiz futboli to‘g‘risidagi ma’lumotni ko‘proq o‘rgandim hamda yurtingizda futbol rivojlanayotganligi, "Navbahor" buyuk tarix va ajoyib muxlislarga ega klub ekanligi borasidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
- Jamoaga moslashish qiyin kechmadimi?
- Yo‘q, chunki klub mutasaddilari, murabbiylar shtabi hamda futbolchilar meni juda iliq tarzda kutib olishdi. Men jamoaga juda tez moslashib ketdim. Buning uchun ulardan minnatdorman.
- "Navbahor" tarkibida rasmiy o‘yinlarda ham maydonga tushdingiz. Namanganda sizga nima manzur bo‘ldi? Bu yerda o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Namangan menga juda yoqdi. Juda tinch va yashash uchun qulay, yaxshi shahar ekan.
- Jamoadagi qaysi futbolchilar bilan do‘stlashishga ulgurdingiz?
- "Navbahor"dagi barcha futbolchilar bilan juda yaxshi munosabatdaman.
- O‘zbekiston Superligasi uchrashuvlari sizda qanday taassurot qoldirmoqda?
- Ma’qul kelgan tomoni – chempionatning raqobatbardoshligi va oson o‘yinlarning yo‘qligi. Superligada barcha jamoalarning imkoniyati deyarli teng. Bunday chempionatda o‘ynash esa juda yoqimli.
- O‘zbek tilida ayrim so‘zlarni gapiryapsiz, til o‘rganishda muammo bo‘lmayaptimi?
- Hali o‘zbek tilida ravon gapira olmayman, lekin bir nechta so‘zlarni bilaman. Tilingizni o‘rganish menga unchalik muammo tug‘dirmayapti.
- "Navbahor" muxlislari haqida nima deya olasiz? Har holda rasmiy o‘yinlar hamda taqdimot marosimida ular bilan uchrashdingiz...
- "Navbahor"ga kelishimga klubning buyuk tarixga ega ekanligi bilan birgalikda, ajoyib, fidoyi, sadoqatli muxlislarga ega ekanligi ham turtki bo‘ldi. Buni Namanganga kelishimdan oldin his qilganman. Shahringizga kelib, taqdimot marosimi va rasmiy o‘yinlarda jamoa muxlislari haqiqatan ham "Navbahor"ni munosib tarzda qo‘llab-quvvatlashiga guvoh bo‘ldim.
Manba: "Navbahor" matbuot xizmati “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar