05:53 / 30.03.2025
3 446

Pedru Moreyra "Paxtakor"ning kechagi mag‘lubiyati haqida nimalar dedi?

Pedru Moreyra "Paxtakor"ning kechagi mag‘lubiyati haqida nimalar dedi?
Superliga 3-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Dinamo" (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Pedru Moreyra o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Biz o‘yinni juda yaxshi boshladik. O‘yin davomida ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik va ustunlik qildik. O‘tgan hafta yo‘lga qo‘ygan xatolarimizni ko‘rib chiqqandik. To‘g‘rilashimiz kerak bo‘lgan muammolar bor, ularni imkon qadar tezroq hal etishimiz kerak. Kichik xatolar sababli bugungi uchrashuvda mag‘lub bo‘ldik" - deya fikr bildirdi portugaliyalik mutaxassis o‘yin haqida.

- "Paxtakor" OCHLda o‘zidan kuchli bo‘lgan jamoalarni himoyaviy o‘yin va tezkor qarshi hujumlarga tayangan holda mag‘lub etdi. "Paxtakor" ko‘proq hujum qilishi va to‘pga egalik qilishi kerak bo‘lgan o‘yinlarda esa jamoa mag‘lub bo‘ldi. Masalan, OKMK va "Dinamo" jamoangiz bilan to‘qnash kelganda ko‘proq himoyalanishdi. "Paxtakor" rostdan hujumkor o‘yin namoyish etishda qiynalmoqdami?

- Superliga endi boshlandi. Bizni oldinda uzun yo‘l kutib turibdi va biz barcha qiyinchiliklarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Xatolarimiz ustida ishlashimiz kerak. Hujumda ham tezroq harakat qilishimiz kerak. Imkoniyatlarimizdan yaxshiroq foydalanishimiz kerak. So‘nggi ikki uchrashuvda raqiblarimiz tezkor qarshi hujumda o‘tishdi. Biz esa shunday vaziyatlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz o‘yin yakuniga kelibgina hujumga zo‘r berdik, aslida esa birinchi daqiqalardanoq shunday o‘ynashimiz kerak edi.

- Jamoada bir nechta muammolar bor dedingiz. Ushbu muammolar futbolchilar murabbiyning g‘oyasini tushunmayotganimdanmi yoki muammo futbolchilarning o‘zidami?

- Men barcha futbolchilarga ishonaman. Biz faqatgina ishlashda davom etishimiz kerak. Mashg‘ulotlarda bular ustida ishlashimiz kerak. Qaysi futbolchilar maydonga tushishi, mening shtabim bilan muhokamadan so‘ng hal bo‘ladi.

- "Paxtakor"ning uslubi doimiy hujum va qanot himoyachilarining yuqori pozitsiyada harakatlanishiga asoslangan. Uch markaziy himoyachi uslubini sinab ko‘rish haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi? Sababi, ikkinchi bo‘limda jamoangiz ko‘p hujum qilayotganida, "Dinamo" qarshi hujumlarda son jihatdan ustunlik qildi. Raqibning uchta hujumchisiga qarshi bor-yo‘g‘i ikkita markaziy himoyachi qolib ketdi. Shu holatlarni inobatga olgan holda, uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynab ko‘rish haqida o‘ylamadingizmi?

- Biz har doim raqib qanday uslub tanlashi haqida o‘ylaymiz. Biz turli xil uslublarni sinab ko‘ramiz. Biz o‘yin boshida biroz boshqacharoq o‘ynadik, keyinchalik esa uch markaziy himoyachi uslubiga o‘tib oldik. So‘nggi daqiqalarda esa hujumga ko‘proq e’tibor qaratish uchun Jo‘raqo‘ziyevni maydonga tushirdik. Biz Antaliyada barcha taktik uslublarni ko‘rib chiqqanmiz va kerakli vaziyatda taktikamizni o‘zgartira olamiz.

- "Paxtakor" dastlabki ikki uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi. Klubdagi kelajagingiz haqida nima deb o‘ylaysiz? Bunday kutilmagan mag‘lubiyatlardan so‘ng rahbariyat sizni iste’foga chiqarishi ham mumkin...

- Men faqatgina o‘z ishim haqida o‘ylashimiz kerak. O‘zingiz ko‘rdingiz bugun biz g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qildik, ammo kichik detallar o‘yin taqdirini hal etdi. O‘z ambitsiyalarimizga munosib bo‘lishimiz kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport