date
views 1 001

Rim derbisi, Eldorning ta’siri va Ranerining “muammoli” tanlovlari

Rim derbisi, Eldorning ta’siri va Ranerining “muammoli” tanlovlari
A Seriyaning 32-turidan o‘rin olgan Rim derbisi “Olimpiko” stadionida “Latsio” mezbonligida bo‘lib o‘tdi. Har ikki jamoa ham kelasi mavsum uchun Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga da’vogarlik qilmoqda.

47-daqiqada Romanoli hisobni ochdi. 59-daqiqada Eldor Shomurodov maydonga tushirildi. 69-daqiqada Matias Sule hisobni tenglashtirdi.

Qolgan daqiqalarda jamoalar bir-birining darvozasiga yo‘l topa olishmadi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. “Roma”ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 16 ta o‘yinga yetdi. Ammo yo‘qotilgan 2 ochko Raneri jamoasining Chempionlar ligasiga chiqish imkoniyatini pasaytirdi.

O‘yindan keyin bosh murabbiy Klaudio Raneri Shomurodov va Dovbikni nega doim bir vaqtda asosiy tarkibda tushirmasligi haqida shunday dedi:

- “Yuventus"ga qarshi o‘yindan keyin ham shu savol berilgan edi. Ha, men yaxshi bilaman – Eldor va Artyom birga o‘ynasa, biz raqib uchun xavfli jamoaga aylanamiz. Ular bir-birini to‘ldiradi.

Lekin men bir narsani hisobga olaman: agar o‘yin davomida taktik o‘zgarish kiritishimga to‘g‘ri kelsa, zaxirada boshqa hujumchi qolmaydi. Bu eng katta muammo.

Har hafta mashg‘ulotlardan keyin o‘zimga aytaman: bu safar Eldorni asosiy tarkibda tushiraman. Ammo keyin fikrim o‘zgaradi. Chunki o‘yinda nimadir yuz bersa, imkoniyatim qolmaydi.

Lekin Eldor maydonga tushgandan so‘ng jamoa kuch oladi. U ishtiyoq bilan harakat qiladi. Dovbik ham oldinda erkinroq harakat qila boshlaydi. Bu juftlik samarali, lekin men eng maqbul yechimni tanlashga majburman.”

Shomurodov joriy mavsumda ikki marta “Roma”ni tark etishga yaqin edi. Ammo hal qiluvchi pallalarda u Raneri jamoasining muhim futbolchisiga aylandi. Klub unga yangi shartnoma taklif qildi. Endi u 2027 yilgacha Rim klubida qoladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport