date
views 122

"Borussiya" D – "Barselona" 3:1: Girassining xet-trigi yarimfinal uchun yetarli bo‘lmadi (video)

"Borussiya" D – "Barselona" 3:1: Girassining xet-trigi yarimfinal uchun yetarli bo‘lmadi (video)
Dortmundda kechgan bahsda «Borussiya» «Barselona» ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Girassi uchrashuvda het-trikka erishdi. Ammo Kataloniyadagi yirik hisob evaziga Flik jamoasi yarimfinalga yo‘llanma oldi.

YECHL, chorakfinal. Javob o‘yinlari.
Borussiya Dortmund – Barselona 3:1
Gollar
: Girassi 11 (pen.), 49, 76 – Bensebaini 54 (avt.)
Borussiya Dortmund: Kobel – Zyule, Anton, Bensebaini – Koutu (Brandt 77), Gross, Nmecha (Reyna 64), Svensson – Adeyemi (Gittens 77), Girassi, Bayer (Dyuranvil 65)
Barselona: Shensni – Kunde, Kubarsi, Arauxo, Martin – Gavi (Pedri 59), de Yong – Lopes (E. Garsiya 70) – Yamal (F. Torres 70), Lavandovski (Olmo 86), Rafinya
Ogohlantirishlar: Nmecha 56 – de Yong 35
Birinchi o‘yin: 0:4

«Barselona» – Chempionlar ligasi yarimfinalida. Ammo Dortmundning «Borussiya» klubi futbol olamini aql bovar qilmas kambek bilan lol qoldirishiga sal qoldi. Kataloniyaliklar yil boshidan buyon ilk bor mag‘lubiyatga uchradi.

O‘yindan oldin «Barselona» posboni Shchensni chigalyozdi mashg‘uloti chog‘ida qo‘lini shikastlab olgani va barchadan oldin kiyim almashtirish xonasiga ketgani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Shunga qaramay, ushbu polyak boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. To‘rtinchi daqiqadayoq «Borussiya» Shchensnini tekshirib ko‘rdi – Bayerning zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. Lekin zarba ancha uzoqdan berilgandi va Voysex bu to‘pni bir qo‘li gips holatida ham qaytarishi mumkin edi.

O‘yin debyutida «Barselona» to‘pni nazorat qilishga urindi, ammo «Borussiya» bor kuch bilan harakat qilib, raqibga o‘yin bermadi. Bu oraliqda Ispaniya chempionati peshqadami umuman o‘ziga o‘xshamadi. Yettinchi daqiqada, Koutuning Gavi bilan to‘qnashuvidan keyin kataloniyaliklar penaltidan qutulib qoldi, ammo bir necha daqiqa o‘tib Shchensni Grossni yiqitib qo‘yganida hech narsa Hansi Diter Flik jamoasini jazodan qutqara olmadi. Videotakror darvozabonning folini ham, Gross ofsaydda bo‘lmaganini ham tasdiqladi. Girassi esa penaltini original uslubda ijro etdi. Faqat u «panenka» zarbasi bilan to‘pni to‘sin ostiga yo‘llaydi.

«Barselona» faqat bo‘lim o‘rtalariga borganida Kobel darvozasi tomon ilk zarbasini yo‘lladi. Bu vaqtga kelib mezbonlar zarbalar bo‘yicha 7-0, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 5-0, yaqqol golli vaziyatlar bo‘yicha 3-0 va xG (kutilgan gollar) bo‘yicha 1,75 ko‘rinishida katta ustunlikka ega bo‘lishgandi. xG bo‘yicha 0,02 ko‘rsatkichi ham «Barsa» naqadar achinarli ahvolda qolganini ko‘rsatadi. 3-4-3 sxemasida o‘ynagan «Borussiya» yuqori tempni saqlab qolib, kataloniyaliklar mudofaa chizig‘i odatdagi kabi ancha yuqorida joylashganidan foydalanishga e’tibor qaratdi. Mezbonlar muntazam ravishda to‘pni ko‘k-anorranglilar jamoasi himoyachilari ortiga ochilishga chog‘langan hujumchilari yo‘liga tashlab berishdi. Bir necha holatda bu ofsayd holatiga olib keldi, ammo qolgan vaziyatlarda — hujumlar o‘ta xavfli chiqdi.

Aytish mumkinki, kataloniyaliklarga safar o‘yinida golga tashnalik yetishmadi. Bu ayniqsa to‘psiz harakatlanganda sezildi. Ammo bu o‘rinda barchasi tushunarli – birinchi o‘yindagi 4:0 hisobidagi ustunlik futbolchilarni xotirjamlikka berilishga majbur qilgandi. Qolaversa, «Barsa» markaziy forvardi Levandovskiga sifatli uzatmalar bo‘lmadi, holbuki bu oqshom u o‘zini dunyoga tanitgan stadionda kataloniyaliklar jamoasi safidagi 100-golini urishi mumkin edi.

«Borussiya» futbolchilari esa, o‘yingacha o‘zlari ham kambekka ishonmagan bo‘lsa, o‘yin davomida buni uddalash mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim ssenariysi birinchisiniki kabi boshlandi. Shchensni bir hujum davomida Adeyemining zarbasini va jarima maydoni markazidan takroriy zarbani qaytardi, ammo burchak zarbasidan keyin Bensebainining yordamida Girassi rekord yozishda davom etdi. Gvineyalik hujumchining bir metr masofadan yo‘llagan zarbasini Rafinya qo‘llari bilan ham to‘xtata olmadi.

Ammo dortmundlik muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Besh daqiqa o‘tib «Borussiya» yo‘q joydan gol o‘tkazib yubordi. Fermin ichkaridan oshirilgan to‘pga yetib bordi va jarima maydoni markazida kelayotgan Levandovskiga pas berdi. To‘p hujumchiga yetib bormadi, ammo uni to‘sishga uringan Bensebaini o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Undan oldingi epizod qahramoni o‘yin antiqahramoniga aylandi.

Avtogol «Borussiya» futbolchilari ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Kovach jamoasi taqdirga tan bergandek ko‘rina boshladi, mezbonlarning hujumdagi harakatlari o‘xshamadi, ammo 18 yoshli Dyuranvilning maydonga tushishi Dortmundni jonlantirdi. Xorvatiyalik mutaxassis yosh belgiyalikni tushirib, topqirlik qildi. Dyuranvil o‘ng qanotda Martin va Garsiyadan osonlik bilan qochib ketdi va jarima maydoni markaziga to‘p uzatdi, Arauxo uni uzoqlashtirishda xato qildi va Girassi imkoniyatdan foydalandi. Seru het-trikni rasmiylashtirdi va Rafinyani ortda qoldirgan holda YECHL joriy mavsumining eng yaxshi to‘purariga aylanib qoldi.

Shundan keyin «Borussiya» yana katta kuch bilan oldinga o‘tdi, Brandt to‘rtinchi golni ham urdi – ammo mezbonlar golni nishonlab bo‘lganidan keyin ofsayd holati qayd etildi. Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumi finalchisining bundan ortig‘iga kuchi yetmadi. Flik himoya chizig‘ini ancha ortga surdi, o‘yin tempini tushirdi va kerakli hisobni ushlab qoldi. Kataloniyaliklarning Yamal, Rafinya va Levandovski kabi yulduzlari o‘yinda biror harakati bilan ajralib turmadi. «Borussiya» kuchli raqibni zarbalar bo‘yicha ham (18:7, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 11:2), xG bo‘yicha ham (0,49 ga qarshi 3,85) yaqqol ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi va turnirni boshini tik tutgan holda tark etadigan bo‘ldi.

Buni Flik uchun xavotirli signal deyish mumkin. Bu o‘ta yorqin mavsumda kataloniyaliklarga yordam beradigan siltalash vazifasini ham o‘tashi mumkin. Nima bo‘lganda ham jamoa barcha turnirlardagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Borussiya" D – "Barselona" 3:1: Girassining xet-trigi yarimfinal uchun yetarli bo‘lmadi (video)