date
views 0

Osiyo Kubogida tarixiy g‘alaba: O‘zbekiston o‘smirlari mardlik va matonat timsoli bo‘ldi!

Osiyo Kubogida tarixiy g‘alaba: O‘zbekiston o‘smirlari mardlik va matonat timsoli bo‘ldi!
O‘zbekiston futbol tarixida yorqin sahifa yozildi! U17 terma jamoamiz Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi finalida ajoyib va dramatik o‘yin ko‘rsatib, mezbon jamoani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

Final o‘yini har tomonlama dramatik va qizg‘in kechdi. O‘yin davomida ikki nafar futbolchimiz qizil kartochka olib, raqibga nisbatan ikki kishi kam tarkib bilan qolgan bo‘lsak-da, futbolchilarimiz matonat va jasorat namoyish qilishdi.

O‘yinning eng keskin lahzasi 51-daqiqada sodir bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Muhammad Hakimov raqib darvozasiga belgilangan penaltini nihoyatda sovuqqonlik va ishonch bilan ijro etib, hisobni ochdi. Bu vaziyat stadion va televizor qarshisida o‘yinni kuzatib turgan millionlab muxlislarning yuragini zavq-shavqqa to‘ldirdi.

Shundan keyin ham Saudiya Arabistoni terma jamoasi hisobni tenglashtirish uchun bosimni kuchaytirdi, ammo futbolchilarimiz himoyada aniq harakat qilishib, qarshi hujumlarda ham o‘z imkoniyatlarini izlashda davom etdilar. Va nihoyat, 70-daqiqada Sadriddin Hasanov raqib darvozasini ikkinchi bor ishg‘ol qilib, jamoamizning g‘alabasini yanada mustahkamladi.

Uchrashuvning so‘nggi daqiqalari chinakam tarixiy voqeaga aylandi. Hakamning yakuniy hushtagi yangrashi bilan terma jamoamiz futbolchilari va murabbiylar shtabi stadion o‘rtasida bir-birlarini quchoqlab, quvonchli ko‘z yoshlar bilan g‘alabani nishonladilar. Har qanday qiyinchiliklarga qarshi kurashgan bu yosh futbolchilar haqiqatda butun mamlakat faxriga aylandilar.

Shu tariqa, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 9 kishi bilan o‘ynab turib ham Osiyo chempioni bo‘ldi va ushbu tarixiy yutuq orqali o‘zbek futbolining kelajagi yorqinligini yana bir bor isbotladi.

Biz ham o‘z navbatimizda shu ulkan g‘alaba bilan O‘zbekiston terma jamoasini va butun o‘zbek xalqini chin dildan tabriklaymiz. Bu faxr va quvonch barchamizning umumiy yutug‘imizdir!

Olg‘a, O‘zbekiston! Ushbu qahramon yigitlar bilan jahon futboli sari yanada ishonch bilan qadam tashlaymiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo Kubogida tarixiy g‘alaba: O‘zbekiston o‘smirlari mardlik va matonat timsoli bo‘ldi!