
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda murabbiylar, futbolchilar va ularning ota-onalari ham ishtirok etishdi.
So‘zini iltimos bilan boshlagan Ermatov yosh futbolchilarni tarixdan saboq chiqarishga chaqirar ekan, avvalgi futbolchilar yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamaslik kerakligini uqtirdi.
«Sizlardan birgina iltimosim bor. O‘zimizda o‘tgan tarix, shunga o‘xshash musobaqalarda natija ko‘rsatgan futbolchilarning taqdiri bor. O‘sha paytda Jahon chempionatiga chiqib, yaxshi natijalar ko‘rsatib, avtomobillar sovg‘a qilinganini ko‘rganmiz. Ammo ba’zi futbolchilar o‘sha paytda mashina haydash, turli xil o‘rtoqlar orttirish bilan ovora bo‘lib, natijada mashg‘ulotlar qolib ketgan. Shuni unutmang: mashhurlikning hech qanday do‘sti bo‘lmaydi. Agar atrofinglarda shunday yomon o‘rtoqlar paydo bo‘lsa, ularni darhol o‘zlaringdan uzoqlashtiring», – dedi Ermatov.
Uning ta’kidlashicha, sportchining birinchi vazifasi – doimiy mehnat va mashg‘ulot. Ularning vaqtlari har qanday ziyofat yoki ortiqcha narsalar uchun sarflanmasligi kerak:
«Biz sportchimiz, vaqtni bekorga o‘tkazmaslik kerak. Biror maqsadga erishish uchun boshqa narsalardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Har bir daqiqa qadrlidir, vaqt tez o‘tib ketadi, uning qadrini bilish lozim».
O‘FA birinchi vitse-prezidenti faqat yaxshi tayyorgarlik orqali kelgusida yanada katta yutuqlarga erishish mumkinligini ta’kidladi:
«Ertami-kechmi buyuk futbolchilarga aylanasizlar. Hatto o‘z samolyotlaringiz ham bo‘lishi mumkin, lekin shu darajaga yetganingizda ham oyog‘ingiz yerdan uzilmasin. Hech qachon manmanlik qilmasdan, doim oddiylikni saqlash zarur. Ana shunda Xudo yo‘llaringizni ochadi. Agar og‘ir-bosiqlik bilan, murabbiyingiz ko‘rsatgan taktika va maslahatlarga amal qilib ish tutsangiz, hech qachon adashmaysizlar. Maydonda ruhan kuchli ekanligingizni ko‘rsatdingiz, shu ruhiyat bilan keyingi musobaqalarga tayyorlaning va sizlarga hech kim qarshilik qila olmaydi», – dedi Ermatov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionati finalida Saudiya Arabistoni jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Qayd etish lozimki, Islombek Ismoilov boshchiligidagi jamoaning ikki futbolchisi birinchi taymning so‘nggi daqiqalarida qizil kartochka olib, maydonni tark etgan edi. Shunga qaramay, o‘smirlar ikkinchi bo‘limda g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodani namoyish etib, raqib darvozasiga ikki bor gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar