date
views 167

APLda Chempionlar Ligasiga yo‘llanma qaysi klublarga nasib etadi?

APLda Chempionlar Ligasiga yo‘llanma qaysi klublarga nasib etadi?
Futbol bo‘yicha statistik tahlillar o‘tkazuvchi Opta portali Angliya Premer Ligasining joriy mavsumi yakunlariga oid yangi taxminlarini e’lon qildi. Unda mavsum yakunida kuchli beshlikka kirib, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan klublar ko‘rsatib berilgan.

Hozircha “Liverpul” va “Arsenal” raqiblaridan sezilarli darajada oldinda ekanligi sababli, bu gal asosiy e’tibor kuchli beshlik uchun kurashayotgan boshqa besh jamoaga qaratilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, so‘nggi 6 o‘yinda mag‘lubiyatsiz seriyada davom etayotgan “Manchester Siti” Chempionlar Ligasiga chiqish uchun eng katta imkoniyatga ega — 95,1%. Nashr fikriga ko‘ra, “shaharliklar” mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlaydi.

To‘rtinchi pog‘ona uchun eng katta ehtimol “Nottingem Forest”ga berilgan — 80,1%. Beshinchi o‘rinni esa 77,6% ehtimol bilan “Nyukasl” egallashi taxmin qilinmoqda.

Londonning “Chelsi”si va “Aston Villa”ning imkoniyatlari nisbatan past. Xususan, Maurisio Pochettino boshqaruvidagi “ko‘klar”ning ehtimoli 29,7%, Unai Emeri boshchiligidagi “Aston Villa”niki esa 17,3% ni tashkil qilgan.

Ayni vaqtda Angliya Premer Ligasida kuchli yettilik quyidagicha joylashgan:

1. “Liverpul” — 79 ochko (33 o‘yin)
2. “Arsenal” — 67 ochko (34 o‘yin)
3. “Manchester Siti” — 61 ochko (34 o‘yin)
4. “Nottingem Forest” — 60 ochko (33 o‘yin)
5. “Nyukasl” — 59 ochko (33 o‘yin)
6. “Chelsi” — 57 ochko (33 o‘yin)
7. “Aston Villa” — 57 ochko (34 o‘yin)

Eslatib o‘tamiz, 2025/26 yilgi mavsumda Angliya Premer Ligasidan Chempionlar Ligasida 5 jamoa ishtirok etadi. Shu bois bu mavsumda kuchli beshlik uchun kurash har qachongidan ham qizg‘in tus olgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » APLda Chempionlar Ligasiga yo‘llanma qaysi klublarga nasib etadi?