date
views 69

Muhammad Saloh Angliyada yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

Muhammad Saloh Angliyada yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi
Angliya futbol jurnalistlari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, «Liverpul» jamoasining misrlik hujumchisi Muhammad Saloh 2024-2025 yilgi mavsumda Angliya Premer-ligasining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Jurnalistlarning 90 foizi o‘z ovozlarini aynan Salohga bergan. Bu ko‘rsatkich XXI asrdagi eng yuqori natija bo‘lib, ushbu sovrin tarixidagi eng salmoqli g‘alabalardan biri hisoblanadi. Salohdan keyin ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda uning jamoadoshi Virjil van Deyk hamda «Nyukasl» hujumchisi Aleksandr Isak egalladi.

Muhammad Saloh bunday nufuzli sovringa uchinchi marta munosib ko‘rilmoqda. U avvalroq 2018 va 2022 yillarda ham ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa, misrlik yulduz «Arsenal»ning afsonaviy hujumchisi Terri Anriga tegishli bo‘lgan rekordni takrorladi.

Bu mavsumda Saloh yana bir bor ajoyib ko‘rsatkichlarga erishib, «Liverpul» jamoasining chempionlikni qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi. Uning gollari va assistlari tufayli mersisaydliklar jadvalning yuqori qismida barqaror o‘rin egalladi.

Muxlislar va futbol ekspertlari Salohning futboldagi yuqori mahoratlari, tezligi va hujumkor o‘yin uslubini yuqori baholashmoqda. Jurnalistlar tomonidan berilgan bu sovrin esa uning shu mavsumdagi muvaffaqiyatlarining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Muhammad Salohning ushbu yutug‘i uning faoliyatidagi eng yorqin lahzalardan biri bo‘lib qoladi va futbol muxlislari uchun ham yana uzoq vaqt esda qoladigan voqea bo‘lishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Muhammad Saloh Angliyada yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi