
2025 yil Markaziy Osiyo futboli uchun tarixiy voqealarga boy davr sifatida boshlandi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov hamda Qozog‘istonning yosh iqtidori Dastan Satpayev Yevropaning mashhur klublari bilan shartnoma imzolab, futbol jamoatchiligi e’tiborini tortishga muvaffaq bo‘lishdi.
Jumladan, 20 yanvar kuni Abduqodir Husanov Angliyaning mashhur «Manchester Siti» klubi bilan ko‘p yillik shartnoma tuzdi. Manchesterliklar ushbu transfer uchun Fransiyaning «Lans» klubiga 40 million yevro to‘lab, qo‘shimcha ravishda 10 million yevro bonus ham to‘lashga rozi bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay yana bir transfer yangiligi paydo bo‘ldi. Qozog‘istonning «Qayrat» klubida tarbiyalangan 16 yoshli Dastan Satpayev Londonning mashhur «Chelsi» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Ingliz klubi ushbu iqtidorli hujumchi uchun 4,3 million yevro sarfladi. Biroq, Satpayev 18 yoshga to‘lguniga qadar tajribasini orttirish uchun o‘zining avvalgi klubi «Qayrat»da qoladigan bo‘ldi.
Bu transferlar ortidan futbol ekspertlari va muxlislari orasida ikki yosh iste’dodni o‘zaro taqqoslash va baholash boshlanib ketdi. Qozog‘iston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Ali Aliyevning Dastan Satpayevni Fransiya va Angliyada o‘zini ko‘rsatgan Abduqodir Husanovdan ustun deb baholagani ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi.
«Men Dastanni Husanovdan kuchliroq, deb hisoblayman. Uning genetikasiga qarang, bu haqiqiy atlet. Uni Yevropaning yuqori darajasiga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish lozim. Agar uni xalqaro miqyosda tanitish imkoniyati bo‘lsa, u «Real» Madridda o‘ynayotgan Arda Gyuler va Endrik kabi futbolchilarning e’tiboriga tushadigan iqtidorga ega», – deya fikr bildirgandi Ali Aliyev.
Biroq qozoq futbolining yana bir mashhur vakili Bulat Yesmagambetov bu fikrlarga qarshi chiqdi va Abduqodir Husanovni yuqori baholadi:
«Husanov haqiqiy top-darajadagi futbolchi. Uning salohiyati yuqori, o‘yinlarini Fransiya chempionatida kuzatganman. U «Manchester Siti»ga tasodifan taklif qilinmagan. Husanovni Dastan Satpayev bilan taqqoslash noto‘g‘ri, chunki ular maydonda turli pozitsiyalarda harakat qiladi, sifat va darajalari ham boshqacha. Abduqodir juda tezkor, quvvatli, yuqori darajadagi futbolchi bo‘lib shakllanmoqda», – dedi Yesmagambetov.
Abduqodir Husanov Belarus va Fransiya chempionatlaridan keyin Angliya Premer-ligasida ishtirok etuvchi ilk o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga kirdi. Uning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2029 yil yoziga qadar davom etadi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 35 million yevroga baholagan.
O‘z navbatida, Dastan Satpayev bu yil Qozog‘iston Premer-ligasida o‘zini yaxshi namoyish eta boshladi. 2026 yilda 18 yoshga to‘lgach, «Chelsi»ning yoshlar jamoasiga o‘tishi kutilayotgan Satpayevning hozirgi transfer narxi Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, 500 ming yevroni tashkil etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar