
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi bellashuvlarida bu yil ilk bor Oliy ta’lim muassasalari jamoalari ham o‘z omadini sinab ko‘rmoqda.
Qarshi davlat universiteti sharafini himoya qilayotgan “Lochin” jamoasi musobaqada o‘zgacha harakatlari va shijoati bilan alohida e’tibor qozondi. E’tiborlisi shundaki, debyutant “Lochin” jamoasi ilk ishtirokidayoq haqiqiy sensatsiya yarata oldi. Ular guruh bosqichida amaldagi kubok egasi “Andijon”ni, so‘ngra “Surxon”ni mag‘lub etib, ishonchli tarzda keyingi bosqichga yo‘l oldi. Jamoa tarkibida asosiy e’tibor yoshlarga berilgan bo‘lsa-da, safda tajriba va mahoratni uyg‘unlashtirishga urinish ham ko‘zga tashlanadi.
Ayniqsa, butsalarini yaqindagina mixga ilgan Zafar Polvonovning maydonga qaytishi jamoaga alohida ishonch bag‘ishladi. Faoliyatini murabbiylikda davom ettirayotgan Polvonov endi yoshlar bilan yelkama-yelka to‘p tepmoqda. Biz esa, albatta, undan bu qarorining sabablari va jamoa kelajagiga oid fikrlarini so‘radik.

"Lochin"ni hech kim tanimasdi. Endilikda jiddiy qarashadigan bo‘lishdi. Bizning ham hali to‘xtash niyatimiz yo‘q",- deya gap boshladi Zafar Polvonov.
- Qiziq, futbolchilik faoliyatingizni tugatgan edingiz. Yashil maydonga qaytishga nima turtki bo‘ldi? "Lochin" varianti qanday chiqdi?
- To‘g‘ri, futbolchilik faoliyatimni tugatgan edim. Lekin yana qaytishga qaror qildim, chunki o‘zimni futbolsiz tasavvur qila olganim yo‘q. Men futbolni, o‘z ishimni juda yaxshi ko‘raman. Buni Superligada o‘ynab faoliyatini tugatganlar qanday qiyin bo‘lishini yaxshi his qilishadi. "Lochin" jamoasidan taklif tushdi. Klub chorlovini rad etolmadim. To‘p tepishni o‘zim qattiq istadim. Yana yashil maydonda ekanligimdan xursandman.
- Debyutdayoq elita jamoalarini ortda qoldirishga qay tariqa erishildi? Guruh bosqichi qanchalik kutilgandek kechdi?
- "Andijon"ni Superliganing eng tartibli jamoasi ekanligini bilardik. Ularning qanday taktikada harakat qilishi mumkinligini ko‘rib chiqqandik. Ochig‘ini aytganda, raqibni ko‘p o‘rganganimiz samara berdi. O‘yin davomida jamoamiz raqibning kuchli tomonlarini zararsizlantirishga erishishdi. Bu-futbol. Kimdir yutadi yoki yutqazadi. "Andijon"ning Superligada yaxshi ishtirok etishiga ishonaman. Yana o‘z o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qilishadi. Kubokdagi har bir o‘yinda jamoadoshlarim borlarini berdi. Bu barchaning mehnati.
- Kuchli jamoalarga tayyorgarlikda ruhiy holat ustuvor hisoblanadi...
- Hammasi futbolchining o‘ziga bog‘liq — qay darajada ruhiy tayyorgarlik ko‘rgani, o‘z ustida qanday ishlayotgani va eng asosiysi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini saqlab qolishi muhim. Men doim shunday deyman: "Sizlar o‘ynashni bilasizlar va buni muvaffaqiyatli uddalay olasizlar".
- "Lochin" kutilmagan sovg‘alar ko‘rsatishda davom etmoqchimi?
- Maqsadimiz faqat oldinga intilish. Ko‘zlagan maqsadimizga erishishga harakat qilamiz.
- Jamoada yana qanday vazifalaringiz bor?
- "Lochin" jamoasidagi vazifam ko‘proq gol urish va jamoa g‘alabalariga munosib hissa qo‘shishdir. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Suratlar "Lochin" klubi rasmiy telegram sahifasidan olindi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
O‘zbekiston KubogiQarshi Davlat UniversitetiLočin JamoasiZafar PolvonovFutbolchilik FaoliyatiJamoa Kelajagi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar