
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoasi AQSHda bo‘lib o‘tadigan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etishini yuksak sharaf sifatida baholadi. Taniqli ispaniyalik mutaxassis Marca nashriga bergan intervyusida ushbu musobaqaga bo‘lgan munosabati, maqsadlari va tayyorgarlik haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Bu biz uchun juda muhim va katta sharaf. Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qatnashish – bu biz o‘tgan mavsum Chempionlar Ligasida va APLda qanday darajada yuqori o‘yin namoyon etganimizning tasdig‘idir. Bu yangi formatdagi musobaqa, men esa uni intiqlik bilan kutyapman. Biz g‘alaba uchun kurashamiz, garchi juda kuchli 31 ta boshqa klub ham shunga intilsa-da”, — dedi Gvardiola.
Uning ta’kidlashicha, “Manchester Siti” bu musobaqada nafaqat o‘z salohiyatini namoyish etish, balki klub tarixiga yana bir xalqaro sovrinni qo‘shish uchun maydonga tushadi. “Biz AQSHga qay tarkibda borishimizni joriy mavsum yakunlaridan keyingina aniqlaymiz. Futbolchilarning jismoniy holati, jarohatlar va tayyorgarlik darajasi qarorimizni belgilaydi”, — deya ta’kidladi murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati 15 iyundan 13 iyulgacha AQSHda o‘tkaziladi. Bu turnirda jahonning eng nufuzli 32 klubi ishtirok etadi. “Manchester Siti” bu musobaqada YECHL g‘olibi sifatida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
Ayni paytda “Siti” Angliya Premer Ligasi 2024/25 yilgi mavsumining 37-turidan so‘ng 65 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda. Agar “shaharliklar” so‘nggi turda ham g‘alaba qozonsa, kelgusi mavsumda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi aniq.
Gvardiola o‘z so‘zlarini shunday yakunladi: “Bu faqat musobaqa emas – bu sinov. Biz dunyoning eng kuchli jamoalari bilan bellashamiz va ularga qanday klub ekanimizni ko‘rsatamiz. Bu musobaqada faqat nom emas, xarakter va izchillik g‘alaba keltiradi.” “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar