date
views 988

Ali Xasif: “O‘zbekistonga qarshi bahsda muxlislarga g‘alaba tuhfa etmoqchimiz”

Ali Xasif: “O‘zbekistonga qarshi bahsda muxlislarga g‘alaba tuhfa etmoqchimiz”
Jahon chempionati–2026 3-saralash bosqichi oldidan Birlashgan Arab Amirliklari milliy terma jamoasining tajribali darvozaboni Ali Xasif muhim bayonot bilan chiqdi. O‘zbekistonga qarshi 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan 37 yoshli posbon mazkur to‘qnashuvning ahamiyatini alohida ta’kidladi.

"Biz uchun bu bahs juda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir o‘yinchimiz jismonan ham, ma’nan ham to‘liq tayyorgarlik ko‘rgan. Bu o‘yinda biz nafaqat ochkolar uchun, balki o‘z muxlislarimiz uchun ham kurashamiz. Hayit bayrami arafasida ularga g‘alaba tuhfa etishni juda xohlaymiz", — dedi Ali Xasif.

Mashhur darvozabonning so‘zlariga qaraganda, jamoa murabbiyi Kosmin Olariuning borligi futbolchilarga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlamoqda:
"Biz yaxshi tushunamizki, oldimizda oson to‘siqlar yo‘q. Ammo shunga qaramay, har bir sinovni yengish mumkin. Ayniqsa, jamoani yaxshi biladigan va ishonch uyg‘otadigan tajribali murabbiyning rahbarligida tayyorgarlik ko‘rilsa, natija olish mumkin. Kosmin Olariuning futbolchilarga bo‘lgan yondashuvi juda ruhlantiruvchi va samarali."

Xasifning ta’kidlashicha, terma jamoada o‘zaro tushunish va ruhiy ko‘tarinkilik hukm surayotgan paytda jamoa yaxshi natijalar qayd etishga qodir.

"Biz jamoada bir-birimizni yaxshi tushunamiz, maydondagi har bir harakat yaxshilab kelishilgan. Umid qilamizki, muxlislarimizni yuzini yorug‘ qiladigan natijani qo‘lga kiritamiz. Bu o‘yinda nafaqat sport mahoratimiz, balki jamoaviy birlik va irodamiz sinovdan o‘tadi", — deb qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, BAA – O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuv 5 iyun kuni, Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi. Ushbu uchrashuv ikki jamoa uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki bu natija mundialga yo‘llanma masalasini hal etishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ali Xasif: “O‘zbekistonga qarshi bahsda muxlislarga g‘alaba tuhfa etmoqchimiz”