date
views 12 557

Gvardiola 150 millionlik yulduzni emas, boshqa nomzodni tanladi!

Gvardiola 150 millionlik yulduzni emas, boshqa nomzodni tanladi!
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish uchun faol harakatlarni boshlab yuborgan edi. Belgiyalik yulduz Kevin de Bryuyne klub bilan xayrlashgandan so‘ng, Gvardiola uning o‘rnini munosib tarzda egallay oladigan yuqori saviyali futbolchi izlamoqda. Bosh murabbiyning birinchi tanlovi Germaniyaning «Bayer» klubi yetakchisi Florian Virs bo‘ldi.

Biroq transfer bozorida shov-shuvga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ushbu kelishuv amalga oshmadi. 22 yoshli nemis futbolchisi Virs o‘z kelajagini Angliyaning «Manchester Siti» klubi bilan bog‘lashdan bosh tortdi. «Bayer» rahbariyati esa o‘z futbolchisini sotish uchun 150 million yevro talab qilgan va «shaharliklar» ushbu miqdordagi transfer summasini to‘lashga ham tayyor edi.

Biroq, futbolchining o‘zi «Manchester Siti» safida o‘ynashga qiziqish bildirmaganligi sababli, muzokaralar natijasiz tugadi. Gvardiola jamoa uchun muhim bo‘lgan bu transfer amalga oshmaganidan so‘ng, darhol yangi nomzodni izlashga kirishdi.

Obro‘li TeamTalk nashriga ko‘ra, Gvardiola bu vaziyatda o‘z diqqatini Fransiya chempionatiga qaratgan va «Lion» klubining istiqbolli yarim himoyachisi Rayan Sherki nomzodini ko‘rib chiqishga qaror qilgan. 20 yoshli fransuz futbolchisi so‘nggi mavsumdagi o‘yini bilan murabbiylarning diqqat markaziga tushgan va uning texnik mahorati hamda tezligi Gvardiolaga ma’qul kelgan.

Manchesterliklar Sherkini tarkibga qo‘shib olish uchun fransiyaliklar bilan muzokaralarni boshlab yuborgan va bu transferni yozgi transfer oynasida to‘liq amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Muhimi, Sherkining shartnomasida uning kelishuvini muddatidan oldin bekor qilish imkoniyati mavjud bo‘lib, buning uchun «Manchester Siti» 24 million yevro to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu esa Virs transferi uchun sarflanishi rejalashtirilgan 150 million yevrodan bir necha barobar arzon narx sanaladi.

Shu bilan birga, Rayan Sherkining o‘zi ham «Manchester Siti»ga o‘tish istagini bildirgan va Premer Ligada o‘ynashni o‘z karyerasidagi muhim qadam deb hisoblamoqda. Agar ushbu transfer amalga oshsa, fransiyalik yosh iste’dod eng nufuzli chempionatlarda o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Gvardiola esa yangi futbolchining imkoniyatlaridan foydalanib, kelasi mavsumda yana bir bor Angliya chempionligi va Chempionlar Ligasida g‘oliblik uchun kurashishni rejalashtirmoqda. Uning bu qarori «shaharliklar» muxlislarini ham yangi mavsum oldidan katta umidlarga to‘ldirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola 150 millionlik yulduzni emas, boshqa nomzodni tanladi!