date
views 1 981

“Manchester Siti” yozda qanot himoyasiga katta inqilob tayyorlamoqda!

“Manchester Siti” yozda qanot himoyasiga katta inqilob tayyorlamoqda!
Angliyaning sobiq chempion jamoasi “Manchester Siti” yangi mavsum oldidan tarkibdagi eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan qanot himoyasi chizig‘ini yanada mustahkamlash uchun jiddiy harakatga tushdi. Klub rahbariyati va bosh murabbiy Pep Gvardiola mavsum davomida himoya chizig‘ida yuzaga kelgan yetishmovchilik va muammolardan xulosa chiqarib, yozgi transfer bozorida ikki yorqin iqtidor egasini jamoaga qo‘shib olishni ko‘zlamoqda.

Taniqli italiyalik sport jurnalisti Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, “shaharliklar”ning transfer bo‘yicha asosiy nishoni sifatida “Nyukasl”ning iqtidorli yosh himoyachisi Tino Livramento va “Vulverxempton” jamoasining iqtidorli yarim himoyachi va qanot himoyachisi Rayan Ait-Nuri ko‘rsatilmoqda.

Ayni damda “Manchester Siti” rahbariyati Ait-Nuri bilan muzokaralarni faol olib bormoqda va bu yosh futbolchining tez orada “shaharliklar” safini to‘ldirishi katta ehtimol bilan kutilmoqda. 23 yoshli Ait-Nuri o‘zining tezligi, texnikasi va yaxshi hujumda ishtirok etish qobiliyati bilan Gvardiolaning talablariga mos tushadi. Joriy mavsumda Ait-Nuri Premer Ligada “bo‘rilar” safida 37 o‘yinda maydonga tushib, 4 bor raqib darvozasini aniq nishonga olgan hamda 7 marta golli uzatma bergan. Transfermarkt ekspertlarining bahosiga ko‘ra, uning transfer narxi 35 million yevro atrofida baholanmoqda.

Ammo Tino Livramento transferi bo‘yicha vaziyat biroz murakkabroq tus olgan. 22 yoshli bu iqtidor egasini o‘z safida saqlab qolish “Nyukasl”ning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda va ular hozircha futbolchi bo‘yicha kelayotgan takliflarga jiddiy e’tibor bermayapti. Jamoa rahbariyati yosh futbolchini har qanday yo‘l bilan ham klubda ushlab qolmoqchi. Livramento joriy mavsumda o‘z jamoasining eng barqaror o‘yinchilaridan biri bo‘lib, Premer Ligada 37 o‘yinda ishtirok etgan va 1 marta assist qayd etgan. Transfermarkt uning hozirgi bozor qiymatini taxminan 40 million yevro deb belgilagan.

“Manchester Siti”ning qanot himoyasida o‘tgan mavsumda jiddiy muammolar yuzaga kelgan edi. Jamoaning asosiy qanot himoyachilari ko‘plab jarohatlar bilan kurashgan va ba’zan boshqa pozitsiyalardan o‘yinchilarni ushbu chiziqqa o‘tkazib turishga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Niko O‘Rayli va Mateus Nunes kabi yarim himoyachilar o‘z tabiiy pozitsiyalaridan tashqarida o‘ynashga majbur bo‘lishgan. Bu esa Gvardiolaning taktikasi va o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatib, jamoa uchun jiddiy bosh og‘rig‘i bo‘ldi.

Hozirgi kunda “shaharliklar” rahbariyatining asosiy maqsadi – tarkibdagi pozitsiyaviy kamchiliklarni to‘ldirish va har bir chiziqda yuqori raqobat muhitini shakllantirishdir. Ait-Nuri va Livramento kabi futbolchilarning kelishi bilan Gvardiola qanot himoyasida turli xil taktik variantlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu ikki futbolchining transferlari amalga oshgan taqdirda, “Manchester Siti” nafaqat himoya chizig‘ini mustahkamlaydi, balki kelgusi mavsumda ham Premer Liga va Chempionlar Ligasi kabi nufuzli musobaqalarda o‘z mavqeini yanada mustahkamlashga umid qilishi mumkin.

Jamoa rahbariyati bu yozgi transfer oynasida moliyaviy resurslarni ayamasdan, sifatli futbolchilarni jalb qilish orqali yana bir karra Yevropaning eng kuchli klublari bilan raqobatlashadigan kuchli tarkibni shakllantirish istagida ekanligini ochiq ko‘rsatmoqda.

Hozircha Livramento va Ait-Nuri transferlari haqida yakuniy qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da, “Manchester Siti”ning yozgi transfer strategiyasida bu ikki iqtidorli futbolchining ustuvor ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Bu transferlarning amalga oshishi klub muxlislari tomonidan ham katta qiziqish bilan kutilmoqda.

Yozgi transfer bozori davomida “Manchester Siti”ning bu yo‘nalishdagi keyingi harakatlari qanday bo‘ladi? Bu savolga yaqin haftalarda javob olishimiz mumkin bo‘ladi. Ammo hozirgi ma’lumotlarga qaraganda, Gvardiola va uning klubi yozda jiddiy transfer inqilobini amalga oshirishga tayyorlanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti” yozda qanot himoyasiga katta inqilob tayyorlamoqda!