
O‘zbekiston futboli yosh yulduzlarining yana biri Yevropada muvaffaqiyatga erishmoqda. Rossiya Premer-ligasida to‘p suryotgan 21 yoshli Abbosbek Fayzullayev joriy mavsumda klub darajasida ham, shaxsiy faoliyatida ham muhim yutuqlarga erishdi. Moskvaning SSKA jamoasi safida u ilk bor Rossiya futbolidagi nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
SSKAning bahorgi parvozi — bronza va kubok
SSKA jamoasi mavsumning birinchi yarmini oltinchi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, qishki tanaffusdan so‘ng jamoa butunlay yangicha nafas bilan maydonga chiqdi. Marko Nikolich boshchiligidagi “armiyachilar” bahorgi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchramadi — 8 ta g‘alaba va 4 ta durang evaziga chempionatni uchinchi o‘rinda yakunlab, bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, SSKA Rossiya Kubogida ham o‘z so‘zini aytdi. Finalda “Rostov”ni dramatik penaltilar seriyasida mag‘lub etgan moskvaliklar mavsumni kubok bilan yakunlashga muvaffaq bo‘lishdi.
Fayzullayev: “Men uchun bu kubok juda qimmat”
Abbosbek Fayzullayev sovrinli mavsum haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Bu mening Rossiyadagi birinchi sovrinim va bu juda muhim. Jamoa bilan katta yo‘lni bosib o‘tdik, ayniqsa “Zenit”ga qarshi o‘yindagi g‘alaba unutilmas bo‘ldi. Biz bu mukofotga munosib bo‘ldik.”
Abbos mavsumdagi shaxsiy ko‘rsatkichlarga ham to‘xtalib o‘tdi:
“Avvalgi yilda 5 ta gol va 14 ta assist qayd etgandim. Bu safar 3+8 natijaga erishdim. Mavsumning ikkinchi qismida pozitsiyam o‘zgardi va bu statistikaga ta’sir qildi. Lekin men yangi rolga moslashishga harakat qilyapman.”
Superkubok — navbatdagi maqsad
SSKA jamoasi oldinda yana bir yirik sovrin — Rossiya Superkubogi uchun kurash olib boradi. Ularda chempion “Krasnodar”ga qarshi hal qiluvchi o‘yin kutib turibdi. Bu bahsning sanasi va joyi tez kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Yosh bo‘lsa-da, yutuqlari ko‘p
Abbosbek o‘z faoliyati davomida allaqachon bir qator sovrinlarga ega bo‘lgan. “Paxtakor” safida uch karra O‘zbekiston chempioni, Superkubok sohibi, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bilan Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan.
Shuningdek, u “Osiyo kubogi U-20”ning eng yaxshi o‘yinchisi, ikki bor O‘zbekistonning “Yil futbolchisi”, Rossiya Premer-ligasining “Mavsum kashfiyoti” va 2023 yilda “Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb e’tirof etilgan.
Abbosbek Fayzullayev faqat maydonda emas, balki muvaffaqiyatlar yo‘lida ham o‘z o‘yinini ko‘rsatmoqda. Uning Rossiyadagi ilk mavsumi unda yangi sinavlar va yangi yutuqlar bilan boyib bormoqda. Uning oldida yana ko‘p marralar, yana ko‘p medallar bor — va muxlislar undan katta yutuqlarni kutib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar