date
views 114

Qozog‘iston murabbiyi Aliyev: “O‘zbekistonning yutug‘i — butun Markaziy Osiyo uchun g‘urur!”

Qozog‘iston murabbiyi Aliyev: “O‘zbekistonning yutug‘i — butun Markaziy Osiyo uchun g‘urur!”
Qo‘shni Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi Ali Aliyev O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga ilk bor yo‘l olganini yuqori baholadi. U bu yutuqni nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun mintaqa uchun ham tarixiy voqelik sifatida e’tirof etdi.

“O‘zbekistonni chin dildan tabriklaymiz. Bu — katta sa’y-harakat va ishonchli strategiya natijasi. Bunday natija butun xalq uchun faxr va iftixordir,” — dedi Aliyev o‘z bayonotida.

Qozog‘istonlik mutaxassis, shu bilan birga, UYEFA tarkibida ishtirok etishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
“Biz Fransiya, Belgiya kabi jahon grandlari bilan o‘ynayotganimiz — futbol tajribasini boyitish, o‘yin madaniyatini shakllantirish va yulduzlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashish imkonidir. Mbappe, De Bryuyne kabi futbolchilarni Astana arenasida ko‘rish bizning yoshlarimiz uchun ulkan motivatsiya.”

Uning fikricha, Qozog‘iston UYEFAda ishtirok etish orqali futbol infratuzilmasi, murabbiylar salohiyati va raqobatbardoshlik darajasini ancha yuqori bosqichga olib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston 5 iyun kuni Belarus terma jamoasiga qarshi bellashuvda 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ayni paytda qozog‘istonliklar Belgiya, Uels, Shimoliy Makedoniya va Lixtenshteyn terma jamoalari bilan bir guruhda Jahon chempionati uchun yo‘llanma talashmoqda. Kelgusi o‘yin 9 iyun kuni Shimoliy Makedoniyaga qarshi o‘tkaziladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qozog‘iston murabbiyi Aliyev: “O‘zbekistonning yutug‘i — butun Markaziy Osiyo uchun g‘urur!”