date

Gattuzo Italiyani Jahon chempionatiga olib chiqa oladimi?

Gattuzo Italiyani Jahon chempionatiga olib chiqa oladimi?
Italiya futbolida yangi sahifa ochilmoqda — milliy terma jamoa bosh murabbiyligiga Jennaro Gattuzo tayinlandi. Bu qaror futbol muxlislari va mutaxassislar orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Biroq sobiq jahon chempionlari orasida ushbu tanlovga ijobiy qarayotganlar ham yetarlicha. Ulardan biri – Braziliya terma jamoasining sobiq himoyachisi, "Milan" klubi afsonasi Markos Kafu.

Kafu va Gattuzo o‘z vaqtida "Milan" safida yelkadosh bo‘lib o‘ynashgan. Shu bois Kafu italiyalik do‘sti haqida iliq fikr bildirib, uni Italiya termasi uchun eng munosib nomzod deb atadi:

“Mening yaqin do‘stim Jennaro Gattuzo – Italiya terma jamoasi uchun eng zo‘r tanlov. U doim o‘z so‘zida turgan, maydonda yuragi bilan o‘ynagan, vahshiylik darajasida ishtiyoqli inson. Bunday shaxs jamoani faqat olg‘a boshlaydi. Ishonchim komilki, u bu vazifani eplaydi va Italiyani Jahon chempionatiga olib chiqadi.”

Braziliyalik afsona shundoq deyishicha, hozir Italiyaga kuchli ruh, haqiqiy yetakchi va o‘zini fido qiluvchi inson kerak – va bu sifatlar aynan Gattuzoga xos. Kafu uni “o‘z yuragi bilan boshqaruvchi murabbiy” deb ta’rifladi.

Eslatib o‘tamiz, Italiya terma jamoasini oxirgi bor Yevro-2024 turnirida Luchano Spalletti boshqargan edi. Ammo muvaffaqiyatsiz natijalardan so‘ng u iste’foga chiqdi va bosh rulga Gattuzo keldi.

Gattuzo o‘z faoliyati davomida "Milan", "Napoli", "Fiorentina", "Olimpik Marsel" kabi jamoalarda bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Endi uning oldidagi asosiy vazifa — Italiyani 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorlash va muxlislarni ishontirish.

Futbol jamoatchiligi endigina yangi yo‘lga qadam qo‘yayotgan Italiya termasiga umid bilan boqmoqda. Gattuzoning kelishi bilan jamoada yangi ruh va g‘alabaga ishonch paydo bo‘ladimi – bunga vaqt javob beradi. Ammo Kafuning so‘zlariga qaraganda, uning do‘sti bu sinovdan munosib o‘tadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gattuzo Italiyani Jahon chempionatiga olib chiqa oladimi?