
AQSH maydonlarida start olgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati nafaqat futbol olamida yangi sahifaning boshlanishi, balki bir qator yosh iste’dodlar uchun ham o‘zini ko‘rsatish maydoniga aylandi. Bu galgi turnirning o‘ziga xosligi shundaki, u FIFA tomonidan birinchi marta 32 jamoa ishtirokida tashkil etilmoqda va katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda.
“Manchester Siti” kabi yirik klublar esa bu imkoniyatdan unumli foydalanish niyatida. Hozirda Floridada joylashgan ingliz grandi musobaqadagi dastlabki uchrashuvini 18 iyun kuni Marokashning “Vidad” klubiga qarshi o‘tkazadi. Shuningdek, “G” guruhidan Italiyaning “Yuventus” va Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ayn” jamoalari ham joy olgan.
Xosep Gvardiola bu chempionatga kuchli tarkibni olib keldi. Futbolchilar orasida uch nafari uchun bu turnir alohida ahamiyat kasb etadi. Ular yangi mavsum oldidan Gvardiola boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishonchini oqlab, jamoaga kerak o‘yinchi ekanliklarini yana bir bor isbotlab qo‘yishlari talab etiladi. Bu bellashuvlarda "Siti”ning shu 3 nafar futbolchilari — jumladan, o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov ham e’tibor markazida bo‘ladi.
Abduqodir uchun imtihon maydoni
Yanvar oyida Fransiyaning “Lans” jamoasidan “Manchester Siti”ga kelib qo‘shilgan 21 yoshli markaziy himoyachi Abduqodir Husanovni Xosep Gvardiola ilk kunlardanoq asosiy tarkibga singdirishga intildi. Biroq “Chelsi”ga qarshi bahsdagi xatosi va yangi muhitga to‘liq moslashmagani tufayli u keyingi paytlarda zaxirada qoldi.
Gvardiolaning qaroridan ko‘rinib turibdiki, u Husanovdan so‘nggi bosimlarni kamaytirish, ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirish va maydondagi qarorlarini puxta chiqarishni talab qilmoqda. Ammo bu uning imkoniyatlari yo‘q degani emas — aksincha, klubda unga ishonch bor, faqat u bunga munosib ravishda tayyorligini isbotlashi lozim.
Aynan AQSHdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati Abduqodir uchun o‘ziga xos “qayta tug‘ilish” imkoniyati. U so‘nggi uch oy ichida qanday o‘sishga erishgani, qay darajada kuchaygani va murabbiylar ishonchini qayta qozonishga tayyor ekanini isbotlashi shart.
Raqobat kuchaygan maydon
Faoliyatlarini tiklashga bel bog‘lagan boshqa ikki futbolchi ham — Fil Foden va Oskar Bobb — ushbu musobaqaga katta tayyorgarlik bilan kelishgan. Foden uchun bu turnir uning professional faoliyatidagi murakkab bosqichdan chiqish uchun kerakli tramplin bo‘lishi mumkin. U o‘zining formasiga qayta kirish va jamoadagi asosiy rolini qayta egallashni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, jiddiy jarohat tufayli mavsumning katta qismini o‘tkazib yuborgan Oskar Bobb uchun ham bu musobaqa — o‘z iqtidorini yana namoyon qilish, murabbiylar ishonchini qozonish va klubdagi kelajakni kafolatlash uchun sinov maydoni.
Xulosa o‘rnida
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati shunchaki bir musobaqa emas — u har bir futbolchi uchun sinov, imkoniyat va yangi sahifa. Abduqodir Husanov, Fil Foden va Oskar Bobb kabi yoshlar uchun esa bu turnir ularning faoliyatidagi yangi bosqichga yo‘l ochib berishi mumkin.
Gvardiola va “Siti” rahbariyati Husanovning “Etixad”dagi kelajagiga ishonishmoqda. Endi esa navbat futbolchining o‘zida — u bu ishonchni amalda oqlashi, katta sahnada o‘z nomini yana bir bor tinglatishi kerak. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar