
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixi uchun buyuk marra – Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2026 yili AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundialga yo‘l olishimizda ko‘plab omillar hal qiluvchi bo‘ldi. Shular orasida bir ism alohida tilga olinishi shart – bu, albatta, tajribali darvozabon O‘tkir Yusupov.
Uydagi uchrashuvlar – “quruq seriya” rekordi
Toshkentda o‘tkazilgan beshta uchrashuvda raqiblarimiz – Eron, Qatar, BAA, Qirg‘iziston va Shimoliy Koreya terma jamoalari biror bor ham darvozamizni ishg‘ol qila olmadi. Bu nafaqat mustahkam himoya, balki Yusupovning yuksak mahorat darajasini ham ko‘rsatadi.
E’tiborli jihati shundaki, Osiyo saralashining uchinchi bosqichida qatnashgan 17 terma jamoadan hech biri o‘z maydonidagi barcha uchrashuvlarda darvozasi daxlsizligini saqlab qololmadi. Bu jihatdan O‘zbekiston va Yusupov benazir natija qayd etdi.
Safarda ham ishonchli posbon
O‘zbekiston termasi umumiy hisobda 10 uchrashuv o‘tkazib, ularda 7 ta g‘alaba va 3 durang qayd etdi. Safardagi o‘yinlarda ham Yusupov ikki bor — BAA va Shimoliy Koreyaga qarshi bellashuvlarda — “quruq” o‘yin o‘tkazdi. Ushbu bahslar vaqtidagi penalti qaytarishlari, xavfli zarbalarga qarshi mukammal pozitsiya tanlashi uning katta tajribasi va yuqori formasini tasdiqlaydi.
Darvozabon sifatidagi umumiy ko‘rsatkichlar
Yusupov saralash bosqichida 7 ta o‘yinda darvozani qo‘riqlab, shularning beshtasini "quruq" o‘tkazdi. Terma jamoamiz bu bosqichda jami 14 ta gol urdi va 7 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Bu esa jamoani guruhda eng kam to‘p o‘tkazgan ikkinchi jamoa sifatida qayd etish imkonini berdi (Yaponiyadan so‘ng).
Klub darajasida ham yuksalish
O‘tkir Yusupov hozirda Eronning “Fulad” klubi safida to‘p surmoqda. 2024 yilning iyulida mazkur jamoaga qo‘shilgan golkiper yakunlangan mavsumda 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta “quruq” o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija uning hozirgi kunda Osiyo miqyosidagi eng ishonchli darvozabonlardan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu boisdan, mutaxassislar va futbol ishqibozlari tomonidan Yusupovning o‘ziga xos “qal’adek” o‘yini alohida e’tirof etilyapti. Uning “Fulad” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyunigacha amal qiladi, ya’ni mundialda ham aynan u terma jamoamizning asosiy posboni bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi tarixiy muvaffaqiyatga erishdi, ammo bu muvaffaqiyat zamirida jonkuyar va professional futbolchilarning mashaqqatli mehnati yotadi. Darvozadagi ishonchli devor — O‘tkir Yusupov esa bu sa’y-harakatning yorqin ramziga aylandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar