
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va mamlakatning eng taniqli legionerlaridan biri — Eldor Shomurodovning kelajagi atrofidagi gap-so‘zlar tobora kuchayib bormoqda. “Roma”dagi muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng, u bir necha nufuzli Yevropa klublarining diqqat markaziga aylandi. Hatto Amerika va Turkiya klublari ham Eldorga qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Keyingi mavsumning ikkinchi yarmida Shomurodov “Roma” safida o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etib, klub rahbariyati va muxlislar e’tiborini yanada qozondi. Ilgari rimliklar uni boshqa jamoaga ijaraga berishni ko‘zlagan bo‘lsa, bu safar qo‘ldan chiqarishga shoshilmayapti. Italiya OAV yozishicha, “Roma”da uning maqomi kuchaygan, bu esa transfer bozorida unga talabni yanada oshirmoqda.
Ma’lumki, Eldor “Jenoa”dan “Roma”ga o‘tgan paytda uning transferi klub uchun 20 million yevroga tushgan va bu “bo‘rilar” tarixidagi eng qimmat xaridlardan biri sifatida qayd etilgan edi. Ilk mavsumlar Shomurodov uchun oson kechmadi, chunki asosiy tarkibga kirib borishda ancha qiynaldi va natijada “Spetsiya” hamda “Kalyari”da ijarada o‘ynadi. Ammo o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatli o‘yinlari va asosiy tarkib uchun kurashdagi barqarorligi uning hali ham yuqori darajada ekanini ko‘rsatdi.
Yozgi transfer bozorida talashilayotgan forvard
Mutaxassislar va futbol nashrlari ta’kidlashicha, “Roma” moliyaviy feyr-pley qoidalariga rioya qilish uchun bir qator transferlarni amalga oshirishi shart. Klub UYEFA talablarini buzmaslik va sanksiyalardan qochish maqsadida, katta transferdan daromad olishni rejalashtirmoqda. Shu tufayli, “Roma”da bir qator asosiy o‘yinchilar, xususan, Shomurodov va Anjelino transferlariga ko‘z tikilgan.
“Bashakshehir” klubi Eldor uchun avval 7 million yevro taklif qilgan bo‘lsa, Fransiyaning “Renn” klubi ham kurashga qo‘shildi. “Renn”da “Roma” qiziqish bildirayotgan Arno Kalimuendo ham o‘ynaydi. Bu esa kelishuv ehtimolini yanada murakkablashtiradi. Fransuzlar ishtirokidan so‘ng, turk klubi Shomurodov uchun taklifni 8 million yevrogacha ko‘tardi. Bu summa “Roma”ga moliyaviy feyr-pleyni ta’minlashda katta yordam beradi.
Klubda islohotlar va yosharish siyosati
Bu yil “Roma”da katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Jan Pero Gasperini bosh murabbiy bo‘lishi kutilmoqda va klub asosan 22-26 yoshli futbolchilarga ishonish niyatida. Tarkibni yoshartirish siyosati doirasida tajribali va yoshi katta futbolchilar bilan xayrlashish ehtimoli ham bor. Shu nuqtayi nazardan, yaqin kunlarda 30 yoshni qarshi oladigan Eldor Shomurodovning ham klubda qolishi mavhum bo‘lib qoldi.
Bu orada “Roma” argentinalik jahon chempioni Leandro Paredesni ham sotish niyatida. Bu futbolchi uchun “Boka Xuniors”dan 3,5 million yevro talab qilinmoqda.
Shomurodov esa o‘tgan mavsumdagi faoliyati tufayli klub bilan shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirgan. Ammo yosharish siyosati va moliyaviy bosimlar tufayli, forvardimiz yozgi transfer oynasida boshqa klub safida to‘p surishi ehtimoldan holi emas.
Qaysi yo‘lni tanlaydi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori uchun bir necha yo‘nalishlar ochiq: Turkiya, Fransiya yoki yana boshqa Yevropa klublari. Rim klubi ham, futbolchi ham o‘z kelajagini yaqin orada aniqlashi kutilmoqda. Muxlislar esa, mamlakatning eng nomdor legioneri qayerda to‘p suradi, degan savolga qiziqish bilan javob kutmoqda.
Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyat yanada qiziqarli va dolzarb tus olmoqda. Mavsum natijalari va Yevropa transfer bozoridagi talab, uning kelajagi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Biz esa, milliy terma jamoamizning yetakchisi qaysi klubda to‘p suradi, degan intrigani kuzatishda davom etamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar